Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Jizzax viloyati prokuraturasi organlari tomonidan yoqilg‘i-energiya resurslaridan samarali foydalanish ustidan Davlat nazoratini tashkil etish va muvofiqlashtirish ishlari hamda kunlik nazorat tadbirlari olib borilmoqda.
Jumladan, viloyatning Mirzacho‘l, Do‘stlik, G‘allaorol, Zafarobod va Yangiobod tuman prokurorlari tomonidan soha mutaxassislari va tuman shtab a’zolari bilan birgalikda hududlardagi yirik energiya iste’mol qiluvchi tashkilotlarda energiya resurslaridan foydalanish holati o‘rganilib, mas’ullarning hisobotlari tinglandi va kunlik yo‘riqnomalar berildi.



***
Viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi tashabbusi bilan viloyat Prokuratura, IIB, Milliy gvardiya va tegishli tashkilot xodimlaridan iborat ishchi guruh a’zolari tomonidan Jizzax shahridagi “Markaziy dehqon bozori” hududidagi o‘rganishlar davom etmoqda.

Olib borilgan nazorat tadbirlari davomida favqulodda vaziyatlar sodir bo‘lganda bozor hududida maxsus xizmatlar va transport vositalarining erkin harakatini ta’minlash, evakuatsiya yo‘llarini turli sun’iy to‘siqlardan tozalash hamda savdo qilish joylari va rastalarni tartibga solish orqali tadbirkorlarga qulay shart-sharoit yaratishga qaratildi.

***
Do‘stlik tumani hokimi Shavkat Darvishov Madaniyat saroyida tadbirkorlik faoliyati davomida muammolarga duch kelgan va tadbirkorlik faoliyatini boshlash istagida bo‘lgan fuqarolar bilan uchrashdi.
Uchrashuv davomida har bir murojaat shu yerning o‘zida mutasaddilar ishtirokida tahlil qilinib, hal etish choralari ko‘rildi. Unda 40 dan ortiq murojaatlar qayd etilib, kredit mablag‘lari, yer ajratish haqidagi muammolar va shu kabi murojaatlar qabul qilindi.

***
Baxmal tuman hokimi Aziz Ergashev “Novqa” mahalla fuqarolar yig‘inida bo‘lib, hududdagi muammolarni “xonadonbay” shaklida o‘rganib chiqdi. Tuman hokimi “Ijtimoiy reyestr”da turuvchi ehtiyojmand oilalarning turmush tarzini atroflicha o‘rgandi. “Ijtimoiy reyestr”ga qamrab olingan ehtiyojmand oila vakillari bilan bo‘lgan samimiy uchrashuvda aholining muammolari, takliflari eshitildi va hal qilinishi kerak bo‘lgan ishlar yuzasidan rahbarlarga topshiriqlar berildi.

***
Jizzax viloyati Milliy gvardiya boshqarmasi G‘allaorol tumani inspeksiyasi tomonidan tumandagi umumta’lim maktablar 1-sinf o‘quvchilari bilan “Vatanimga tayanchman” mavzusida vatanparvarlik soatlarini o‘tkazdi.
“Milliy Gvardiya – Yangi O‘zbekistonning mustahkam qalqonidir!” shiori ostida o‘tgan vatanparvarlik soati xalq va armiya yakdilligini yanada mustahkamlash hamda yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash maqsadida tashkil etildi. Tadbirda Vatanga sadoqat, milliy armiyamizga qaratilayotgan yuksak e’tibor, amalga oshirilayotgan izchil islohotlar, shuningdek, harbiylikning sharafi va mas’uliyati xususida so‘z yuritildi.

***
– Joriy yilning 4 sentyabr kuni taxminan soat 17:00 larda Jizzax viloyatining G‘allaorol tumani hududidan o‘tgan xalqaro ahamiyatga ega M39 Toshkent – Termiz avtomobil yo‘lining 1012-kilometrida 4 ta avtotransport vositasi ishtirokida yo‘l transport hodisasi sodir bo‘lgan, – deydi viloyat IIB JXX Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi axborot xizmati rahbari mayor Erkin Ochilov. – Ushbu yo‘lning dovon qismida harakatlanib kelayotgan “Gaz-52” rusumli, 85W279BA davlat belgili yuk avtomashinasi haydovchisi nishablikda boshqaruvni yo‘qotgani oqibatida oldinda harakatlanib ketayotgan “Nexia-3” rusumli transport vositasining orqa tomonidan hamda “Kaptiva” rusumli transport vositasining orqa chap yon tomoniga urib yuborgan. Bu to‘qnashuv oqibatida “Nexia-3” avtomobili undan oldinda borayotgan “Spark” rusumli transport vositasining orqa qismiga urilib ketgan va natijada mazkur yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan.

Mazkur hodisa oqibatida halok bo‘lgan yoki jiddiy tan jarohati olganlar yo‘q, faqat “Nexia-3” rusumli transport vositasi yo‘lovchisi yengil tan jarohati olganligi sababli, unga birinchi tez tibbiy yordam ko‘rsatilgan.
Hozirda holat yuzasidan surushtiruv ishlari olib borilmoqda.



A.Qayumov, O‘zA.