Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Do‘stlik tumani 1-sonli umumta’lim maktabida tuman hokimligi, maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi, Milliy Gvardiya va mutasaddi tashkilotlar rahbarlari bilan hamkorlikda ota-onalar yig‘ilishi o‘tkazildi.

Unda yangi o‘quv yili oldidan maktab formasi, yangi o‘quv yilidagi o‘quvchilarning davomati, ota-onalar farzandlarining ta’limi va tarbiyasiga e’tiborli bo‘lishlari, maktab hududida voyaga yetmaganlarni telefon ishlatmasliklari, tungi holatlarda voyaga yetmaganlarni ko‘chada sababsiz hamda qarovsiz yurmasliklari va boshqa bir qator masalalar yuzasidan fikrlar o‘rtaga tashlandi.
***
O‘zbekiston Respublikasi davlat Mustaqilligining 33 yilligini munosib kutib olish va bayram oldidan yuqori kayfiyat ulashish maqsadida Zafarobod tumanida “Bir bo‘lsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz!” shiori ostida, tashkilot va korxona xodimlari o‘rtasida, sportning mini futbol turi bo‘yicha “Hokim kubogi” bahslari bo‘lib o‘tdi.
Qizg‘in va murosasiz o‘tgan bellashuvda tuman soliq inspeksiyasi jamoasi, 1-o‘rinni egallab, “Hokim kubogi”ni qo‘lga kiritdi. Final bahsida soliqchilarga imkoniyatni boy bergan tuman tibbiyot birlashmasi jamoasiga 2-o‘rin nasib etdi.
G‘olib va sovrindorlar tuman hokimining kubogi, diplom va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.
***
Jizzax viloyati IIB, JXX, JTSB rahbariyati tomonidan G‘allaorol va Mirzacho‘l tumanlari IIB vaqtincha saqlash hibsxonasida saqlanayotgan shaxslar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdi.


Mazkur jarayonda bu yerda saqlanayotgan shaxslarning huquqlarini himoyalash, saqlash sharoitlari hamda favqulodda holatlarning oldini olish masalalariga e’tibor qaratildi. Shu bilan birga xodimlarga faoliyatni yuritish yuzasidan topshiriq va tavsiyalar berildi.
***


Mirzacho‘l tumani “Yangidala” hamda “Mirzacho‘l” SIU dalalarida paxta yig‘im-terimiga tayyorgarlik ko‘rish hamda defoliatsiya ishlarini sifatli tashkil etish bo‘yicha seminar bo‘lib o‘tdi. Seminarda tuman hokimi Botir Mirzaqulov yig‘im-terimni tashkil etish, defoliatsiyani sifatli o‘tkazish bo‘yicha hamda defoliantlar, ulardan unumli foydalanishda nimalarga e’tibor qaratish lozimligi va ularning mavsumga qay darajada tayyorligi yuzasidan ma’lumotlar berildi.
***
G‘allaorol tumani adliya bo‘limi tomonidan “Olimlar”, “Madaniyat” hamda “Mulkush” MFYlarida “mahalla yettiligi” a’zolariga metodik yordam ko‘rsatish, aholining va tadbirkorlarning kundalik hayotida uchraydigan huquqiy muammolarni aniqlash, bartaraf etish hamda huquqiy madaniyatini oshirish bo‘yicha “Adliya kuni” va “Xotin-qizlarga huquqiy ko‘mak” aksiyasi tashkil etildi.


Mazkur tadbirlarda bo‘lim mas’ul xodimlari tomonidan aholining huquqiy muammolarini hal etish yuzasidan zarur amaliy choralar ko‘rilib, sayyor davlat xizmatlari ko‘rsatildi. Shuningdek, ushbu aksiya doirasida milliy qonunchilikdagi xotin-qizlarga berilgan huquq va imtiyozlar to‘g‘risida ham tushunchalar berildi.
A.Qayumov, O‘zA.