Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Jizzax xalq deputatlari viloyat Kengashining navbatdagi ellik oltinchi sessiyasi bo‘lib o‘tdi.
Unda dastlab, viloyat prokurori Baxtiyor Ibrohimov, Prezidentning Jizzax viloyatidagi Xalq qabulxonasi mudiri Bayrambek Uzoqov, viloyat hokimining o‘rinbosarlari, boshqarma, idora va bir qator tashkilotlar rahbarlarining o‘z sohalari bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar yuzasidan axboroti tinglandi.



Sessiya kun tartibida viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasida “Korrupsiyasiz soha” loyihasi doirasida amalga oshirilgan ishlar, viloyat hokimining sessiya oralig‘ida qabul qilingan qarorlarini tasdiqlash hamda viloyat mahalliy byudjetining qo‘shimcha manbalaridan foydalanish to‘g‘risidagi masalalar ko‘rib chiqildi.
***
Jizzax viloyati soliq boshqarmasida korrupsiyaga yo‘l qo‘ymaslik, soliq xizmati xodimlarining kasb odobi, soliq tekshiruvlarini o‘tkazishda xolislik tamoyiliga rioya etishi bo‘yicha chora-tadbirlar belgilangan.

Har bir soliq idorasi vakili soliq to‘lovchilar bilan muloqot davomida korrupsiyaga yo‘l qo‘ymaslik, ular bilan xushmuomalada bo‘lish, xizmat vakolatlari doirasidan o‘z shaxsiy manfaati yo‘lida foydalanmaslik bo‘yicha profilaktik tadbirlari o‘tkazmoqda.


Ularning faoliyati davomida soliq xodimlari tomonidan noqonuniy holatlar kuzatilgan taqdirda ishonch telefon raqamlari orqali murojaat qilishlari tushuntirildi, tadbirkorlarga maxsus bukletlar tarqatildi.
***
Yangiobod tumanida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari samarasida mahallalarning yo‘l infratuzilmasi yanada yaxshilanib, aholining hayot tarzi va kayfiyatiga o‘zining ijobiy ta’sirini ko‘rsatmoqda.


Xususan, tumandagi 4K-254 avtomobil yo‘lining 1-21 kilometrlar oralig‘ida tuman yo‘llardan foydalanish davlat muassasasi tomonidan joriy ta’mirlash ishlari olib borildi. Yo‘llar sifatini yaxshilash, aholi va transport vositalari harakatlanishi uchun qulayliklar yaratish maqsadida amalga oshirilayotgan ishlar barcha ko‘chalarda bosqichma-bosqich davom etmoqda.
***
Jizzax garnizonidagi harbiy xizmatchilar tomonidan Mirzacho‘l tumanida joylashgan Madaniyat markazida “Yoshlar milliy armiyamiz nigohida” shiori ostida vatanparvarlik tadbiri o‘tkazildi.

Tadbirga faxriy qorovulning saf chiqishlari hamda qo‘l jangi ustalarining ko‘rgazmali namoyishi o‘zgacha shukuh bag‘ishladi.

Namoyish etilgan, qurol-aslahalar ko‘rgazmasi hamda turli o‘yinlar esa tuman ishtirokchilarida yaxshi taassurot qoldirdi.
***
Zarbdor tuman hokimi, sektor va mutasaddi tashkilot rahbarlari bilan birgalikda tumandagi maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limiga qarashli maktabgacha ta’lim tashkilotlari va umumta’lim maktablarida amalga oshirilayotgan qurilish, ta’mirlash, rekonstruksiya ishlari va kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishib chiqmoqda.

Jumladan, tumandagi 32-sonli umumta’lim maktabida davlat dasturi asosida qurilayotgan qo‘shimcha bino qurilishi bilan yaqindan tanishdi.

Mutasaddilarga qurilish ishlarini sifatli va o‘z vaqtida topshirilishi bo‘yicha tavsiya va ko‘rsatmalar berildi.
A.Qayumov, O‘zA.