Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Zomin tumanidagi umumta’lim maktablarida yoshlar orasida giyohvandlik va psixotrop moddalarining tarqalishi, xotin-qizlarning jabrlanib qolishi va ularning jinoyat sodir etishi oldini olishga doir mavzuda targ‘ibot tadbiri o‘tkazildi.
Zomin tumani hokimligi, Ma’naviyat va ma’rifat markazi tuman bo‘linmasi, huquq-tartibot idoralari vakillari va boshqa mutasaddilar giyohvandlik va psixotrop moddalar, ularning zararli oqibatlari, yoshlar o‘rtasida ushbu zararli odatlarning oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan ma’lumot berishdi.Ogohlikka da’vat qilindi.


***
Yangiobod tumanida Jizzax harbiy prokuraturasi tomonidan huquq-tartibot idoralari bilan hamkorlikda harbiy- vatanparvarlik mavzusida tadbir tashkil etildi. Unda “Savot”, “Xovotog‘” “Balandchaqir”, “Xo‘jamushkent”, “Sarmich” MFYlari va 19 ta umumta’lim maktabidan 300 ga yaqin o‘quvchi-yosh ishtirok etdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi harbiy prokurorining o‘rinbosari M.Niyazov yoshlarga yaratilgan imkoniyat va imtiyozlar, harbiy xizmat nufuzi, Vatanga muhabbat, sadoqat va fidoyilikni amalda namoyon etish chin vatanparvarlikka xos fazilat ekani haqida gapirdi. Vatanni madh etuvchi qo‘shiqlar tadbirga bayramona ruh bag‘ishladi.


***
Ma’naviyat va ma’rifat markazining Do‘stlik tuman bo‘linmasi, tuman hokimligi diniy ishlar bo‘yicha mutaxassisi hamda Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi hamkorligida tumandagi umumiy o‘rta ta’lim maktablarida “Jaholatga qarshi ma’rifat” shiori ostida o‘quvchi-yoshlar ishtirokida ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot tadbiri o‘tkazildi.
Tadbirda diniy ekstremizm va terrorizm domiga kirib qolganlar va uning oqibatlari haqida videorolik namoyish etildi.


***
Joriy yilning 1 fevralidan 1 martigacha respublikamizda “Yoshlar orasida giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar tarqalishining oldini olish oyligi” deb e’lon qilingan. Shu munosabat bilan Forish tumani Ichki ishlar bo‘limi xodimlari tomonidan tumanning 2-sektor hududidagi Musoqul Orolov nomli mahallada joylashgan umumta’lim maktablarida targ‘ibot tadbirlari o‘tkazildi.
Tadbirda yoshlar o‘rtasida nazoratsizlik, qarovsizlik, huquqbuzarlik kabi illatlarning oldini olish, ularni salbiy ta’sirlardan saqlash, eng xavfli jinoyatlardan biri hisoblangan, insoniyat tomonidan “Asr vabosi” deb tan olingan giyohvandlik illatiga qarshi kurashish, ayniqsa, o‘sib kelayotgan yosh avlod bu yomon odatning domiga tushib qolishining oldini olish eng dolzarb masalalardan ekani ta’kidlandi.


***
Jizzax viloyati soliq boshqarmasida “mahallabay” ishlash tizimi tashkil etilgan bo‘lib, 309 ta mahallada 202 nafar soliq xodimi 21 ta yo‘nalishda ish olib bormoqda.
Ular mahallalarda soliq bazasini kengaytirish, soliqlarni undirish, soliq to‘lovchilarga soliq ma’muriyatchiligi bilan bog‘liq muammolarni hal etishda ko‘maklashish hamda qo‘shimcha manbalarni aniqlash hisobiga mahalliy byudjetga tushumlarni ko‘paytirish bilan shug‘ullanmoqda.
Joriy yilning yanvar oyi bo‘yicha eng yaxshi natija ko‘rsatgan 63 nafar soliq xodimi 21 ta mezon asosida rag‘batlantirildi.

A.Qayumov, O‘zA muxbiri