Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Arnasoy tumanidagi barcha 12 ta mahalla fuqarolar yig‘inida Prezidentimizning 2023 yil 22 dekabrdagi Respublika Ma’naviyat va ma’rifat Kengashining kengaytirilgan yig‘ilishidagi ma’ruzasi yuzasidan “Yangi hayot uchun, yangi O‘zbekiston uchun” shiori ostida “Mahallada duv-duv gap” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilmoqda.
“Cho‘lquvar” MFYdagi tadbirda ham yurtimizda barcha sohalarda amalga oshirilayotgan tub islohotlar, ijobiy o‘zgarishlar, xalqimizning farovon turmush sharoitini yanada yaxshilash borasida amalga oshirilayotgan ishlar hamda ma’naviyat, milliy qadriyatlarimiz borasida oldimizda turgan dolzarb vazifalar muhokama qilindi. Bu kabi tadbirlar viloyatning 15 ta shaharcha, 99 ta qishloq va 200 ga yaqin mahalla fuqarolar yig‘inining barchasida belgilangan jadval asosida bo‘lib o‘tmoqda.


***
Favqulodda vaziyatlar Jizzax viloyat boshqarmasi va uning shahar, tuman bo‘limlari xodimlari tomonidan aholi va hududlarni favqulodda vaziyatlarda muhofaza qilish, qish mavsumini betalafot o‘tkazish hamda mavsum davomida fuqarolar tomonidan isitish pechlari va ularning dudburonlarining to‘g‘ri o‘rnatilishi, tabiiy va suyultirilgan gazdan xavfsiz foydalanishiga alohida e’tibor qaratilib, xavfsizlik talablariga rioya etilmasligi oqibatida sodir bo‘lgan turli ko‘ngilsiz holatlar to‘g‘risida fuqarolarga ma’lumotlar berish orqali profilaktik tadbirlar olib borilmoqda.
Favqulodda vaziyatlar Sharof Rashidov tuman bo‘limi xodimlari tomonidan “Hududgaz Jizzax” gaz ta’minoti filiali xodimlari bilan birgalikda qish mavsumi davomida fuqarolar xavfsizligini ta’minlash, yong‘inlar, insonlarning is gazidan zaharlanish holatlariga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida profilaktika tadbirlari o‘tkazildi.


***
Zomin tumanning 39 ta mahalla fuqarolar yig‘inida yoshlar yetakchilari tomonidan 14 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan yigit-qizlarning muammo va qiziqishlari o‘rganilmoqda. Jumladan, ular bilan individual ishlashni yo‘lga qo‘yish maqsadida mahallalarda xatlov jarayoni olib borildi. Anketa so‘rovnomalari to‘liq, xolisona va adolat mezonlariga asosan to‘ldirilmoqda. Shuningdek, har bir yoshga yanada e’tibor qaratilishini ko‘zlab, hududlarda nazorat shtablari tashkil etildi. Shtabda kunlik monitoring yuritiladi hamda xatlov jarayonlarida yoshlar tomonidan bildirilgan taklif va muammolar inobatga olinadi.


***
Do‘stlik tumani ixtisoslashtirilgan maktabida 14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan tashkil etilgan metod birlashmalar bo‘yicha o‘qituvchilar o‘rtasida “Zakovat” intellektual o‘yini o‘tkazildi. Qiziqarli o‘tgan o‘yinda 1-o‘rinni xorijiy tillar fani o‘qituvchilaridan iborat “Ofitserlar” jamoasi qo‘lga kiritdi. 2-o‘rinni aniq fanlar uslub birlashmasining “Fizmat” va 3-o‘rinni ona tili va adabiyot fani o‘qituvchilarining “Tilshunoslar” jamoasi egalladi.
G‘olib jamoalar Do‘stlik tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limining diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.


***
Mirzacho‘l tumanida o‘quvchilar qishki ta’til vaqtini mazmunli o‘tkazish hamda viloyat hokimining “Yoshlar turizm haftaligi” doirasida tadbirlarni tashkil etish va o‘tkazish to‘g‘risidagi yig‘ilish bayoni ijrosini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limiga qarashli umumta’lim maktablari o‘quvchilarining Gagarin shaharchasidagi “O‘lkashunoslik” va “Kosmonavtlar” muzeylari, tuman axborot -kutubxona markaziga sayohati tashkil etildi. E’tiborlisi, bu ijtimoiy soha ob’ektlarida uyushtirilayotgan turli tadbir va viktorinalar o‘quvchilarning qishki ta’til kunlarini maroqli o‘tkazishiga hissa qo‘shmoqda.


A.Qayumov, O‘zA muxbiri