Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Qish mavsumini betalafot o‘tkazish maqsadida Sharof Rashidov tumanida ishchi guruh shtabi tuzildi.


Mazkur tuman shtabiga korxona va tashkilotlardan xodimlar biriktirilgan, shtabda ish ikki smenada tashkil etilib, ijtimoiy soha ob’ektlaridagi kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik holati o‘rganilib, amaliy yordam ko‘rsatilmoqda. Jumladan, tumandagi 22-oilaviy poliklinkada va 16-sonli umumta’lim maktabida kuz-qishga tayyorgarlik holati o‘rganildi va aniqlangan muammolar yuzasidan tegishli chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.
***
Do‘stlik tumani adliya bo‘limi tomonidan “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlarini himoya qilish” aksiyasi doirasida huquqiy tadbirlar o‘tkazilmoqda.


Navbatdagi targ‘ibot tadbiri tuman tibbiyot birlashmasidagi tibbiy ekspertiza ijtimoiy komissiyasida o‘tkazildi. Jismoniy yoki aqliy nuqsoni bor, turmush faoliyati cheklanganligi munosabati bilan ijtimoiy yordamga va himoyaga muhtoj bo‘lgan shaxslarga nogironlik belgilanishi, mezonlari, qancha muddatda tibbiy ko‘rikdan o‘tib turishligi, nogironlik darajasini o‘zgartirish tartiblari tushuntirildi.
***
Aholi turmush farovonligini oshirish va ularning bugungi kunidan rozi bo‘lib, ertangi kunga ishonch bilan yashashini ta’minlashda, albatta, mahallaning o‘rni katta.
Arnasoy tumanida ham joriy yil boshidan yakuniga qadar jami 8 ta mahalla binosii yangidan qurilib, foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan bo‘lib, bugun 4 ta bino mahallalar ixtiyoriga topshirildi.

Jumladan, tumanning G‘oliblar mahallasida ham mahalla binosining ochilishiga bag‘ishlangan tadbir bo‘ldi. Unda tuman hokimi Xurshid Alimardonov va tegishli tashkilot rahbarlari hamda mahalla oqsoqollari ishtirok etdi.
***
Jizzax shahrida viloyatdagi noshirlik va matbaa faoliyati bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlar uchun o‘quv-seminar bo‘lib o‘tdi. Tadbir Jizzax viloyat axborot va ommaviy kommunikatsiyalar hamda viloyat adliya boshqarmalari hamkorligida Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 22 iyundagi “Noshirlik va matbaa faoliyatini boshlagani haqida vakolatli davlat organini xabardor qilish tartibi to‘g‘risidagi nizomlarni tasdiqlash haqida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida tashkil etildi.
Seminarda Vazirlar Mahkamasining ushbu qarori talablariga qat’iy rioya etish borasida ishtirokchilarga atroflicha ma’lumotlar berildi.
***
Forish tuman hokimi Ikrom Matiyev 1-sektor hududidagi “Bog‘don” mahalla fuqarolar yig‘inida “Obod xonadon – obod ko‘cha – obod mahalla” dasturi asosida xatlov natijasida aniqlangan 14 ta ijtimoiy ko‘makka muhtoj xonadonda bo‘lib, ularning muammolarini o‘rgandi.

O‘tkazilgan xatlov natijasida ijtimoiy ko‘makka muhtoj 14 ta xonadonni ta’mirlash rejalashtirilib, mutasaddi tashkilotlarga aniq topshiriqlar berildi.
A.Qayumov,
O‘zA muxbiri