Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Arnasoy tumani hokimligi kichik majlislar zalida Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Jizzax viloyati filiali tomonidan hududdagi davlat fuqarolik xizmatchilari bilan “Davlat fuqarolik xizmatiga ochiq yo‘l: mavjud qonunchilik hujjatlari va imkoniyatlar” mavzusi davra suhbati o‘tkazildi.

Jonli muloqot tarzida o‘tgan davra suhbatida fuqarolar DFXdan foydalanishdagi keng imkoniyatlari xususidagi ko‘plab ma’lumotlarga ega bo‘ldi.
***
Tadbirkorlik sub’ektlarining muammo va masalalarini bevosita o‘rganish hamda hal qilish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va yanada rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlarini belgilab olish yuzasidan Prezident Administratsiyasining 2023 yil 17 iyuldagi “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yilda tadbirkorlar bilan ochiq muloqotini tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoyishi ijrosini ta’minlash maqsadida tashkil etilgan Respublika ishchi guruhining tadbirkorlar bilan navbatdagi uchrashuvi Paxtakor tumanida o‘tkazildi.

Uchrashuvda Biznes-ombudsman hududiy vakili, viloyat investitsiyalar, sanoat va savdo boshqarmasi xodimlari va qator mutasaddi tashkilotlar tomonidan tadbirkorlarning muammo va takliflari o‘rganilib, ijrosi yuzasidan tegishli idoralarga topshiriqlar berildi.
***
Zomin tumanining barcha mahallalarida “Obodonlashtirish oyligi” doirasida tadbirlar tashkil etilib, keksayu-yosh hamjihatlikda yurt obodligiga o‘z hissasini qo‘shmoqda.

Jumladan, Zomin tumani Navoiy QFY hududidagi “Xo‘jai Serob ota” ziyoratgohida yoshlar yetakchilari hamda mahalla yoshlari tomonidan obodonlashtirish ishlari ko‘tarinki ruhda amalga oshirildi. Xuddi shunday obodonlashtirish ishlari tumanning barcha hududlarida izchillik bilan amalga oshirilmoqda.
***
Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan davlat fuqarolik xizmatchilari uchun tashkil etilgan “Siyosiy-ma’rifat soati”da Jizzax shahar hokimligi xodimlari ham ishtirok etib, bugungi kunning eng muhim va dolzarb mavzulari to‘g‘risida ma’lumotlarga ega bo‘ldi.

Shuningdek, ushbu “Siyosiy-ma’rifat soati”da, “Mutolaa vaqti” rukni, DFX xodimlariga samarador va natijador davlat xizmati, konstitutsiyaviy savodxonlik hamda O‘zbekiston va xorijdagi muhim jarayonlar haqida ham ma’lumot berildi.
***
Jizzax shahrida bo‘lib o‘tgan “Eng yaxshi kitobxon oila” respublika ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichida quyi bosqichda zafar quchgan 13 oila g‘oliblik uchun bahslashdi.

“Eng yaxshi kitobxon oila” ko‘rik-tanlovi Jizzax viloyati bosqichida Zarbdor tumani “Shodlik” MFYda yashovchi Shavkat Islomovlar oilasi faxrli 1-o‘rinni egallab, Respublika final bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.
***
Sharof Rashidov tumanidagi “Yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash” markazida har hafta yosh nikohlanuvchilar uchun o‘quvlar tashkil etilmoqda.

Ajrimlarni oldini olish maqsadida tashkil etilgan ushbu markazda hafta sayin o‘quv mashg‘ulotlarida qatnashuvchi yosh nikohlanuvchilar qiziqishi va qamrovi ortib bormoqda.
Tuman hokimi Mahmud Xolbo‘tayev navbatdagi o‘quv mashg‘ulotlarida ishtirok etib, yoshlar bilan suhbat o‘tkazdi, 15 nafar juftlikka qisqa muddatli o‘quv kursini tamoalaganligi to‘g‘risidagi sertifikatlarni topshirdi va to‘y sovg‘asi sifatida ularga O‘zbekiston bo‘ylab sayohat uchun yo‘llanmalar taqdim etildi.
A.QAYUMOV,
J.YORBEKOV (surat), O‘zA