Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
G‘allaorol tumanida yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish maqsadida “Tinchligimiz, taraqqiyot va farovonlik uchun” shiori ostida Jizzax viloyati kasb-hunar ta’limi va mudofaa ishlari boshqarmalari hamkorligida “ko‘pkurash” harbiy vatanparvarlik sport musobaqasi tashkil etildi.
Yoshlarni harbiy vatanparvarlik, milliy an’ana va qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalash hamda jismonan sog‘lom barkamol avlodni voyaga yetkazish maqsadida o‘tkazilgan “ko‘pkurash” musobaqasida tumandagi kasb-hunar maktablari, texnikum va kollej talaba-yoshlari besh shart bo‘yicha g‘oliblik uchun bahslashdi.
G‘olib va sovrindorlar tuman hokimligining faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

***
“Obod ko‘cha” va “Obod xonadon” dasturi doirasida Jizzax shahar sektorlari va mutasaddi tashkilotlar rahbarlari Baxmal tumanida o‘zlariga biriktirilgan “Yangibog‘” mahalla fuqarolar yig‘inidagi Musaffo qishlog‘ida obodonlashtirish ishlarini olib bormoqda.
Shuningdek, dastur doirasida sektor rahbarlari tomonidan Musaffo qishlog‘ida istiqomat qiluvchi fuqarolar bilan ko‘rishib, ularning simyog‘ochlar ta’miri, yo‘l infratuzilmasini yaxshilash va shu kabi muammolari ham o‘rganilmoqda.
Olib borilayotgan jadal ishlar o‘z nihoyasiga yetgach qishloqning qiyofasi o‘zgaradi, yo‘l infratuzilmalari yangilanadi, mahalla va ko‘chalar yanada obod bo‘ladi.

***
Zomin tumani tibbiyot birlashmasiga V.Vohidov nomli Respublika Ixtisoslashtirilgan ilmiy amaliy xirurgiya markazi direktori professor Saidmurod Ismoilov boshchiligida 15 nafar tor soha mutaxassislari tashrif buyurdi.
Tumanda ilk bor “Yaqin qarindoshlar o‘rtasida buyrak transplantatsiyasi” jarrohlik amaliyoti o‘tkazildi.

***
Do‘stlik tumani “Navro‘z” mahallasida ko‘p yillar avval qurilgan ko‘prik bugungi kun talabiga javob bermay qolgan edi.
Ko‘prik Prezidentning “2023–2025 yillarda Jizzax viloyatini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va aholi turmush darajasini yanada yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori asosida ta’mirlanmoqda.

***
Arnasoy tumanida ijtimoiy ko‘makka muhtoj xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash ularning muammolarini hal etish hamda turmush sharoitini yaxshilash maqsadida tizimli ishlar yo‘lga qo‘yilgan.
Jumladan, Arnasoy tumanida “Ayollar daftari”ga kiritilgan 3-toifa boquvchisi bo‘lmagan ehtiyojmand xotin-qizlarning 5 nafariga va 4-toifa ijtimoiy yordamga muhtoj 1-2 guruh nogironligi bo‘lgan xotin–qizlarning 5 nafariga uy-joy ta’miri uchun qurilish materiallari tarqatildi.

***
Jizzax viloyati favqulodda vaziyatlar boshqarmasi boshlig‘i rahbarligida tegishli tashkilotlar vakillari bilan birgalikda sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan yong‘inlar, ularda insonlarning tan jarohati olishi va halok bo‘lish holatlari oldini olish maqsadida Jizzax shahar hududida joylashgan ko‘p qavatli binolarning yerto‘la qismida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub’ektlarining yong‘in xavfsizligi holati o‘rganildi. Tadbirkorlar va mas’ul tashkilotlar vakillariga aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

A.QAYUMOV,
J.YORBEKOV (surat), O‘zA