Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Arnasoy tumanida nuroniy otaxonlar o‘rtasida tashkil etilgan “Keksalik diydori” deb nomlangan uchrashuvda jamiyatimizda keksalarning o‘rni, ular tomonidan yillar davomida to‘plangan boy tajriba, malaka va ko‘nikmalarni yosh avlodga o‘rgatish, ularga o‘rnak bo‘lish borasida foydali fikrlar bildirildi.
Ko‘p yillar davomida cho‘lni bo‘stonga aylantirgan otaxonlar shijoatli va og‘ir yo‘llar bosib o‘tilganlari birma-bir eslandi. Samimiy muloqotlarda tinch va xotirjam hayotimiz, farovon kunlarimizga shukronalar aytildi va ushbu tajribalarni yoshlar faoliyatiga amalda qo‘llashga kelishib olindi.

***
Zafarobod tumani adliya bo‘limi tomonidan viloyat hokimining “Yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga doir chora-tadbirlar” dasturi asosida tumandagi yoshlar yetakchilariga o‘quv-seminar tashkil etildi.
Ushbu tadbirda yoshlar yetakchilariga ularning huquqiy savodxonligini oshirish, sohaga tegishli normativ hujjatlarning mazmun-mohiyatini yetkazish bilan birga, kasbiga sadoqat va fidoyilik bilan ishlash, yoshlar bilan ishlashda natijadorlikka alohida e’tibor qaratish bo‘yicha tegishli yo‘nalishlar berildi.

***
Do‘stlik tumani hokimi Shavkat Darveshevning davlat ijtimoiy himoyasiga olingan bolalar bilan uchrashuvida Prezidentimiz rahbarligida yoshlarga qaratilayotgan e’tibor, ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rliklar va bu borada o‘tgan yillar mobaynida tumanda amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida alohida to‘xtab o‘tildi.
Tuman hokimi uchrashuvga kelgan har bir yosh bilan yuzma-yuz muloqotda bo‘ldi. Ularni oilasi, yashash sharoitlari, qiziqishlari, muammolarini e’tibor bilan tinglab, yon daftariga qayd etib bordi. Muammolarning asosiy qismi joyida ijobiy hal etilgan bo‘lsa, vaqt va mablag‘ talab qiladigan masalalar yuzasidan mutasaddilarga aniq topshiriqlar berilib, ijrosi nazoratga olindi.

***
Sharof Rashidov tumani soliq inspeksiyasi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi, 4-sektor rahbari Abbos Vaqqosov boshchiligida uyma-uy yurish orqali aholi muammolarini o‘rganib, mahalla faollari bilan bajariladigan ishlar to‘g‘risida “yo‘l xaritasi” ishlab chiqildi.
Jumladan, tumandagi “Tinchlik” MFYdagi uchrashuvda uyma-uy yurgan holda aholi muammolarini o‘rganish va ularni bartaraf etish, ishsiz fuqarolarni rasmiy ishga joylashtirish, tadbirkorlikka jalb qilish va o‘zini-o‘zi band qilish orqali ish bilan bandligini ta’minlash, ishsiz xotin-qizlar va yoshlarni kasb-hunarga o‘qitish maqsadida o‘quv-kurslarini tashkil qilish, band bo‘lmagan fuqarolarni tadbirkorlik sub’ektlari bilan kooperatsiya asosida faoliyat ko‘rsatishlarini tashkil etish kabi masalalar muhokama qilindi va mas’ul xodimlarga tegishli tavsiyalar berildi.

***
Yoshlar ishlari agentligi G‘allaorol tumani bo‘limi boshlig‘i O.Nazarov va hamkor tashkilotlarning tuman yoshlari bilan onlayn muloqoti tashkil etilib, unda 35 mahalladagi studiyadan ming nafarga yaqin yoshlar ishtirok etdi.
Besh tashabbus olimpiadasining yangi mavsum tayyorgarligi, mahallalarda yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar holati atroflicha muhokama qilindi hamda kelgusidagi vazifalar ijrosini ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlar belgilab olindi.

***
“Hududgaz Jizzax” gaz ta’minoti filiali tomonidan viloyatdagi 167 mingdan ortiq suyultirilgan gaz iste’molchilariga iyun oyida 365,24 tonna, yil boshidan buyon esa 9 ming 330 tonnaga yaqin suyultirilgan gaz balonlari yetkazib berildi.
Jumladan, Paxtakor tumaniga joriy yilning iyun oyida 15,92 tonna, yil boshidan buyon esa 616,26 tonnadan ortiq suyultirilgan gaz balonlari o‘z manzillariga yetkazildi.

A.QAYUMOV,
J.YORBEKOV (surat), O‘zA