Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Ma’naviyat va ma’rifat markazi Do‘stlik tumani bo‘linmasi, "Saritepa" MFY “beshligi” hamda 3-umumta’lim maktabi ma’muriyati hamkorligida “Agar jamiyat hayotining tanasi iqtisodiyot bo‘lsa, uning joni va ruhi ma’naviyatdir” shiori ostida ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi. Unda mahalladagi uyushmagan yoshlar va aholi ishtirok etdi.
Mahallada jinoyatchilik va huquqbuzarliklar, oilaviy ajrimlar, qarindosh-urug‘lar o‘rtasida nikoh, oilaviy zo‘ravonliklarning oldini olish hamda giyohvandlik vositalari va kuchli ta’sir qiluvchi moddalar tarqalishiga qarshi kurashish borasida gap bordi.

***
Prezidentning Arnasoy tumanidagi Xalq qabulxonasi mudiri Bekmurod Norov va tuman hokimligi axborot xizmati mutasaddilari tomonidan aholiga toza ichimlik suvini yetkazib berish loyihalarining amalga oshirilishini o‘rganildi.
Davlatimiz rahbarining 2023 yil 2 maydagi qaroriga asosan “Manzilli dastur”ga kiritilgan Arnasoy tumani "Oltin vodiy" MFYdagi "Zafarobod - Arnasoy" markaziy D-720 millimetrli temir quvurlari yaroqsiz holga kelib qolganligi bois 8,7 kilometr masofaga yangi D-500 millimetrli ichimlik suvi tarmoqlari o‘rnatilmoqda. Loyiha ishlari “Fayz kommunal qurilish” MCHJ tomonidan amalga oshirilib, joriy yilning iyul oyiga foydalanishiga topshiriladi.

***
Forish tumani madaniyat va turizm bo‘limi qoshida faoliyat yuritayotgan “Bog‘don” folklor etnografik xalq ansambli Turkmaniston Respublikasining Avaza shahrida bo‘lib o‘tayotgan “Avaza – 2023” xalqaro raqs va folklor festivalida ishtirok etib, o‘z mahoratini namoyish etmoqda.
“Bog‘don” folklor etnografik xalq ansambli festivalda xalqimiz urf-odat va an’analarini o‘zida mujassam etgan xalq termalari, raqslarini ijro etib, barchani mamnun etmoqda.

***
Har yili g‘alla o‘rim-yig‘imi boshlanishi bilan ekologiya davlat inspektorlari zimmasiga muhim masala yuklanadi. U ham bo‘lsa g‘alla o‘rim-yig‘imidan bo‘shagan maydonlarni yoqib yuborishdan muhofaza va yerning ustki qatlamini salbiy ta’sirlardan himoya qilishdir. Shu maqsadda ayni vaqtda hududlarda targ‘ibot-tashviqot ishlari olib borilmoqda.
Zomin tumani ekologiya inspeksiyasi davlat inspektorlari tomonidan hokimlik mas’ullari bilan hamkorlikda tumandagi SIU raislari va fermer xo‘jaligi rahbarlari o‘rtasida g‘alladan bo‘shagan maydonlarni yoqib yubormaslik va bu holatning salbiy oqibatlari haqida tushuntirish ishlari olib borildi.

***
Yangiobod tumani hokimi Ibrohim Qarshiboyev tumanning 1-sektoriga qarashli “Sovot” QFY, Sohibkor qishlog‘ida aholi va yoshlar bilan bo‘lib o‘tgan sayyor qabulida hokim o‘rinbosarlari, tegishli korxona va tashkilotlar rahbarlari, mahalla mas’ullari, aholi, xususan, nuroniylar, xotin-qizlar va yoshlar ishtirok etdi.
Tadbir avvalida tuman hokimi joriy yilda tumanda amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar, tashkil etilayotgan yangi ish o‘rinlari, mahallalar infratuzilmasini yaxshilash, hamda aholi turmush sharoitlarini yanada oshirish borasida yaqin istiqboldagi rejalar xususida to‘xtalib o‘tdi.
Ochiq muloqot tarzida o‘tgan sayyor qabul davomida fuqarolarning murojaat va takliflari tinglanib, ularning ijobiy yechimi yuzasidan tegishli rahbarlarga topshiriqlar berildi va tuman hokimi tomonidan nazoratga olindi.

***
Sovrin jamg‘armasi 880 million so‘m bo‘lgan “Yoshlar ishlari agentligi kubogi"ning Do‘stlik tumani bosqichida sektor bosqichida faxrli 1-o‘rinni egallagan shaxmat ixlosmandlari ishtirok etdi.
Qiziqarli va bahslarga boy o‘tgan musobaqada “Professional erkaklar” yo‘nalishida Botir Abdurahmonov, “Professional ayollar” yo‘nalishida So‘g‘diyona Akromova, “Havaskor erkaklar” yo‘nalishida Abduqodir Abdurahmonov, “Havaskor ayollar” yo‘nalishida Gulbahor Mirzayeva g‘olib deb topildi.

A.QAYUMOV,
J.YORBEKOV (surat), O‘zA