Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Jizzax viloyati kengashi, Forish tumani hokimligi, Jizzax viloyati yoshlar ishlari boshqarmasi, Forish tumani mudofaa ishlar bo‘limi hamda Forish tog‘ o‘quv harbiy poligoni tomonidan tashkil etilgan harbiy vatanparvarlik festivali mingga yaqin yoshlarni birlashtirdi.
Festival doirasida harbiy xizmatdagi yoshlarning qo‘l jangi chiqishlari, faxriy qorovul saflari, harbiy-texnika va qurol aslahalar ko‘rgazmasi tashkil etildi. Tadbirda harbiylashtirilgan orkestr va tuman madaniyat markazi san’atkorlari tomonidan ijro etilgan Vatanni madh etuvchi kuy-qo‘shiqlar yoshlarga vatanparvarlik shijoati va ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.

***
G‘allaorol tumani “Jiydali” qishloq fuqarolar yig‘ini hududidagi Juma qishlog‘idagi tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli oilaviy poliklinikada “Sog‘lom ayol oyligi” doirasida xotin-qizlarga “Sog‘lom turmush tarzi” targ‘iboti hamda tibbiy ko‘rik tashkil etildi.
Ushbu tibbiy ko‘rikda akusher-ginekolog, okulist, nevropotolog, pediatr va stomotolog mutaxassislari tomonidan chuqurlashtirilgan tekshiruvlar o‘tkazilib, xotin-qizlarga tegishli tartibda tavsiya va yo‘llanmalar berildi.

***
Jizzaxda sanitar-tozalash xizmatlari sifatini yanada yaxshilash maqsadida zamonaviy chiqindi tashuvchi mashinalar olib kelindi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 25 noyabrdagi Osiyo taraqqiyot banki ishtirokidagi “Qattiq maishiy chiqindilarni barqaror boshqarish loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan, Jizzax viloyatida jami 4 million 625 ming AQSH dollari miqdoridagi ishlar amalga oshirilishi belgilangan.

***
Zomin tumanida aholi bandligini ta’milash bo‘yicha 2023 yilning o‘tgan davrida amalga oshirilgan ishlar va bu borada tegishli dasturlar ijrosini o‘rganish maqsadida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati M.O‘razaliyeva Sharof Rashidov MFYda tashkil etilgan “Tadbirkorlik va salomatlik” markazi faoliyati bilan tanishdi.
Ushbu markazda birinchi chorakda 20 dan ziyod xotin-qizlar tikish sirlarini mukammal o‘rganib, maxsus sertifikatga ega bo‘ldi va tikuv mashinalari bilan ta’minlandi.

***
O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Jizzax viloyati kengashi, Yangiobod tumani hokimligi, Jizzax viloyati yoshlar ishlari boshqarmasi hamda viloyatda joylashgan kuch tuzilmalari tomonidan tashkil etilgan harbiy vatanparvarlik festivali 2 mingga yaqin Yangiobod tumani yoshlarini birlashtirdi.
Festival doirasidagi harbiy xizmatdagi yoshlarning qo‘l jangi chiqishlari, faxriy qorovul saflari, harbiy-texnika va qurol aslahalar ko‘rgazmasi hamda taniqli yosh estrada yulduzlari tomonidan ijro etilgan Vatanni madh etuvchi kuy-qo‘shiqlar yoshlarga vatanparvarlik shijoati va xush kayfiyat bag‘ishladi.

***
Jizzax viloyati prokurorining Baxmal tumanida o‘tkazilgan sayyor qabulida tuman hokimligi, mutasaddi tashkilotlar rahbarlari, mahallalarga biriktirilgan hokim yordamchilari va yoshlar yetakchilari ishtirok etdi.
Sayyor qabul davomida fuqarolarning ijtimoiy yordam, elektr ta’minoti, ichki yo‘llar hamda ishga joylashtirish kabi masalalar bo‘yicha murojaatlari tinglandi.
Murojatlarning qariyb 30 foizi joyida hal etildi. Muddat talab etiladigan muammolarning bartaraf etilishi yuzasidan tegishli mutasaddi tashkilot va idoralarga topshiriqlar berildi. Sayyor qabulda tushgan murojaatlarning ijrosi nazoratga olindi.

A.QAYUMOV,
YORBEKOV (surat), O‘zA