Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Davlatimiz rahbari raisligida joriy yil 11 aprel kuni “Yoshlar siyosati sohasidagi ishlar natijadorligini oshirish maqsadida” o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida mutasaddilar zimmasiga aniq vazifalar yuklatilgan edi.
Mazkur videoselektor davomida har bir hududdagi alohida e’tiborga muhtoj, ijtimoiy-moddiy jihatdan davlatning yordamiga zarurati bo‘lgan yoshlar ro‘yxatini shakllantirish va ularni viloyat, tuman, shahar hokimlariga shuningdek, sektor rahbarlari va tashkilot rahbarlariga biriktirish, muammolar yechimini izlash, g‘amxo‘rlik qilish va doimiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha topshiriq berilgan edi.

Ushbu topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida Forish tumani hokimi Ikrom Matiyev tumandagi o‘ziga biriktirilgan yoshlar bilan uchrashdi. Unda yoshlar tomonidan aytilgan muammolarni ijobiy hal etish bo‘yicha tuman hokimi tomonidan mas’ullarga aniq topshiriqlar berildi.
***
Do‘stlik shaharchasidagi “Madaniyat saroyi”da Jizzax viloyati prokurori Islomjon Ergashxodjayevning tuman yoshlari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Unda tumandagi 14 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlarni qiynayotgan muammolariga quloq tutildi. Yoshlar tomonidan ko‘tarilgan har bir murojaat tegishliligi bo‘yicha alohida-alohida qayd etib borildi. Uchrashuvda har bir murojaatchi bilan yuzma-yuz suhbatlashilib, murojaatchi yoshlar tomonidan ko‘tarilgan muammolar imkon qadar joyida ijobiy hal etildi, bartaraf etilishi vaqt talab qilgan masalalar bo‘yicha mutasaddilarga aniq ko‘rsatmalar berilib, ijrosi nazoratga olindi.
***
Sharof Rashidov tumani hokimligi binosida viloyat hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Oybek Ashurmatov boshchiligida Yoshlar ishlari agentligi xodimlari bilan birgalikda tumandagi yoshlar bilan ochiq muloqot o‘tkazildi.

Yoshlarning muammolari o‘rganildi. Takliflari eshitilib, ishga joylashtirish borasida mutasaddi tashkilot rahbarlariga tegishli topshiriqlar berildi.
***
Zafarobod tumani hokimi O‘tkirbek Rahmanov joriy yilning 11 aprel kuni Yurtboshimiz raisligida o‘tgan videoselektor yig‘ilishidagi topshiriqlar ijrosi yuzasidan tumanning 1-sektor hududida istiqomat qiluvchi yoshlar va ularning ota-onalari bilan uchrashdi.

Ushbu uchrashuv davomida yoshlar va ularning ota-onalari tomonidan ko‘tarilgan murojaatlar tinglanib, aytilgan muammolarni ijobiy hal etish bo‘yicha tuman hokimi tomonidan mas’ullarga aniq topshiriqlar berildi, ijrosi nazoratga olindi
***
Prezidentimiz tomonidan yoshlar siyosati sohasidagi ishlar natijadorligini oshirish maqsadidagi videoselektor yig‘ilishida barcha rahbarlarga yuklatilgan topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida Baxmal tumani hokimi Musa Anarbayev ham tumandagi o‘ziga biriktirilgan hudud yoshlar bilan uchrashdi.


Uchrashuvda yoshlar tomonidan ko‘tarilgan ish bilan ta’minlash, bank kredit mablag‘lari ajratish, ijtimoiy yordam va boshqa shu kabi baxmallik yoshlar tomonidan ko‘tirilgan muammolarning yechimi yuzasidan mutasaddilarga aniq ko‘rsatmalar berib, nazoratini tuman hokimi o‘z zimmasiga oldi.
***
Prezidentimizning 2021 yil 29 noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi jamoat xavfsizligi konsepsiyasini tasdiqlash va uni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq jinoyatchilikni oldini olishga mas’ul bo‘lgan sub’ektlar jamlanib, yo‘riqnomalar berildi.

Mazkur farmonning mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan yig‘ilishda Arnasoy tumani hokimi Xurshid Alimardanov, tuman prokurori Xayrulla Gaziyev hamda tuman IIB boshlig‘i Rustam Ummatqulovlar ishtirok etib, Davlatimiz rahbarining 2021 yil 29 noyabrdagi yuqorida nomi zikr etilgan farmonining mazmun va mohiyatiga bag‘ishlangan yig‘ilishlarni barcha mahallalarda profilaktika tadbirlari doirasida o‘tkazish yuzasidan aniq ko‘rsatmalar berildi.
A.QAYUMOV,
J.YORBEKOV (surat), O‘zA