Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Jizzax viloyati kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bosh boshqarmasi boshlig‘i F.Salaxiddinov rahbarligida belgilangan jadval asosida tumanlardagi qishloq va mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari, hokim yordamchilari, xotin-qizlar faollari, yoshlar yetakchilari hamda mas’ullar ishtirokida seminarlar tashkil etilmoqda.

Jumladan, viloyatning Arnasoy, Zafarobod va Mirzacho‘l tumanlarida bo‘lib o‘tgan seminarlarda yangi tashkil etilayotgan tizim bo‘yicha tushunchalar berilib, tumanlardagi mahalla “beshlik” vakillariga bajariladigan vazifalari belgilab berildi va ular bilan mavzu yuzasidan savol-javoblar o‘tkazildi.
***
Zomin tumanida “Ayollar daftari” 4-bosqich 1- va 2-toifa ro‘yhatidagi xotin-qizlar bilan Jizzax viliyati xotin-qizlar tadbirkorlik markazi rahbari S.Bekmurodova, “Xalq banki” tuman filiali ayollar masalalari bo‘yicha rais o‘rinbosari M.Vohidova, hokim yordamchilari, xotin-qizlar faollari hamda yoshlar yetakchilari ishtirokida uchrashuv tashkil etildi.

Jumladan, tumandagi “Birlik” MFYda o‘tgan uchrashuvda imtiyozli kredit olib tadbirkorlikni boshlash istagida bo‘lgan ayollarga tadbirkorlik faoliyatini boshlaganda nimalarga ahamiyat berish kerakligi, banklar tomonidan berilayotgan imtiyozli kreditlarning qulayliklari va ularni o‘z vaqtida qaytarib to‘lash kerakligi to‘g‘risida ma’lumotlar berib o‘tildi.
***
Forish tumanida “Fuqaro muhofazasi oyligi"doirasida tumandagi barcha korxona, tashkilot, muassasa va ta’lim maskanlarida aholini turli hodisalardan asrash va favqulodda vaziyat sodir bo‘lganda qanday harakatlanish lozimligi yuzasidan targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilmoqda.

Jumladan, tuman favqulodda vaziyatlar bo‘limi xodimlari tuman xalq ta’limi bo‘limi bilan hamkorlikda tumandagi barcha umumta’lim maktablarida “Fuqaro muhofazasi oyligi” doirasida zilzila bilan bog‘liq hodisalarda aholini to‘g‘ri harakatlanishi bo‘yicha nazariy va amaliy tushuntirishlar olib borilyapti.
***
Respublikamizda ishbilarmonlik muhitini tubdan yaxshilash va tadbirkorlikka yanada keng erkinlik berish yuzasidan bir qator chora-tadbirlar olib borilmoqda. Joylarda mikromarkazlarning tashkil etilishi esa tadbirkorlar uchun ayni muddao bo‘lmoqda.

Do‘stlik tumani markazida tashkil etilayotgan “Mikromarkaz”da qurilish materiallari va maishiy buyumlar ishlab chiqarishga yo‘naltirilgan 200 ta yangi istiqbolli loyihalar o‘rin oladi.
***
Zarbdor tumanida “Sog‘lom hayot uchun 5000 qadam” shiori ostida bo‘lib o‘tgan piyoda yurish marafoni keksayu yoshni sog‘lom hayot sari ezgu maqsad yo‘lida birlashtirdi.

Aholini ommaviy sportga keng jalb etish va ular orasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish borasida tashkil etilgan ushbu marafonda aholi va yoshlar ishtirok etib, belgilangan 5 ming qadam masofani piyoda bosib o‘tdilar.
***
Jizzax viloyati IIB boshlig‘i, general-mayor G‘ayrat Qodirov aholi muammolariga yechim topish maqsadida joylarda fuqarolar va mas’ullar bilan muloqotlar o‘tkazmoqda. Xususan, 3-sektor rahbari Sharof Rashidov tumani “Fayzobod” MFY aholisini ichimlik suv bilan ta’minlash borasidagi ishlarning borishi bilan tanishdi.

Mazkur loyiha doirasida suv uzatish inshooti ta’mirlanib, 13,8 kilometr tarmoq tortilishi ko‘zda tutilgan. Hozirda ushbu ishlar yakuniy bosqichda va Navro‘z umumxalq bayrami arafasida aholiga suv berish choralari ko‘rilmoqda.
A.QAYUMOV,
J.YORBEKOV (surat), O‘zA