Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Arnasoyda “Bahor taronalari” mavzusida eng yaxshi asarlar ko‘rik-tanlovining tuman bosqichi bo‘lib o‘tdi.
“Navro‘z” umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va bugungi kunda milliy o‘zligimizni yoshlarga anglatish, yoshlarni ota-bobolarimizdan meros kolgan betakror san’atga mehrini oshirish, xalq milliy udumlarini o‘rganish maqsadida tashkil etilgan tanlovda yosh havaskor estrada xonandalari, baxshi va havaskor jamoalar ishtirok etdi.

***
Zafarobod tumanida davlatimiz rahbarining 2022 yil 9 sentyabrdagi “Energiya tejovchi texnologiyalarni joriy qilish va kichik quvvatli qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi qarori ijrosi doirasida hududdagi korxona va tashkilotlar ma’muriy binolariga muqobil energiyaga o‘rnatish ishlari boshlab yuborildi.
Jumladan, tuman davlat soliq inspeksiyasining ma’muriy binosi tom qismiga umumiy quvvati 10 kVt bo‘lgan quyosh panellari o‘rnatildi.

***
Sharof Rashidov tumani qishloq va mahalla fuqarolar yig‘inlariga biriktirilgan hokim yordamchilari tavsiyasiga ko‘ra istovchilarga imtiyozli bank krediti asosida issiqxonalar qurib berilmoqda.
Jumladan, Bobur nomli MFYda yashovchi 10 ta xonadonga issiqxona qurib foydalanishga topshirildi.

***
Forish tumanidagi “O‘xum”, “Sayyod”, “Do‘stlik” va “Uchquloch” mahalla fuqarolar yig‘inlari hududida turizmni rivojlantirish bo‘yicha “Yo‘l xaritalari” ishlab chiqilib, mahallalarda infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha viloyat hokimining respublika byudjetidan mablag‘ yo‘naltiriladigan manzilli dasturi tasdiqlandi.
Dastur doirasida ushbu mahallalarda yo‘llar ta’mirlanadi, elektr energiyasi tarmoqlari qurilib, yangi transformator punktlari o‘rnatiladi. Shuningdek, piyodalar va velosiped yo‘laklari qurilishi natijasida tumanga sayyohlar oqimini yanada oshishiga zamin yaratiladi.
E’tiborlisi, mazkur “Yo‘l xaritalari” ga kiritilgan loyihalar asosida yuzdan ziyod yangi ish o‘rinlari yaratiladi.

***

G‘allaorol tumanidagi qishloq va mahallalarda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida fermer xo‘jaligi ekin maydonlari chetlariga terak, tut, tok ko‘chatlari hamda oshqovoq urug‘larini ekish ishlari boshlandi.
Ariq va zovurlar tozalanib, mahalla ko‘chalari, aholi xonadonlarida obodonlashtirish, shuningdek, ekin maydonlari chetlariga tok ko‘chati uchun shpaler o‘rnatish ishlari davom etmoqda.
A.QAYUMOV, J.YORBEKOV (surat), O‘zA