Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Arnasoyda tuman davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i 4-sektor hududidagi mahalla fuqarolar yig‘inlarida uchrashuvlar tashkil etib, unda bir qator dolzarb masalalarni muhokama etmoqda.

Jumladan, 4-sektor rahbari, DSI boshlig‘i Husniddin Umurov tumandagi “Bo‘ston” MFYda mahalla raisi, xotin-qizlar faoli va yoshlar yetakchisi bilan uchrashib, unda “Ayollar daftari” ro‘yxatining 4-bosqichini shakllantirish, vaqtincha band bo‘lmagan yigit-qizlarga “Yoshlar daftari” jamg‘armasi hamda auksion orqali yerlarni ijaraga berilishi borasidagi masalalar bo‘yicha o‘z taklif va tavsiyalarini berdi.
***
Zafarobod hokimi tuman hududidagi aholining kam ta’minlangan va ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida ularning oilasiga bordi, holidan xabar oldi, muloqotda bo‘ldi va ularning muammolariga yechim izladi.

Jumladan, tuman hokimi O‘tkirbek Raxmanov “Birlik” QFYda kam ta’minlangan oilalar holidan xabar olib, ular bilan dildan suhbatlashdi, ularni qiynayotgan muammolar yuzasidan mutasaddilarga aniq topshiriq va ko‘rsatmalar berdi. Shuningdek, hududdagi har bir kam ta’minlangan oilalarga 10 turdagi oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari va moddiy yordam pullari tarqatdi.
Bu kabi xayr-saxovat ishlarini tumanning boshqa qishloq va mahalla fuqarolar yig‘inlarida ham o‘tkazish nazarda tutilgan.
***
Zomin tumani IIB boshlig‘i F.To‘ychiyev, 3-sektor hududidagi qishloq va mahalla fuqarolar yig‘inlarida yoshlar bilan sayyor uchrashuvlar o‘tkazmoqda.

Jumladan, “Guliston” MFY yoshlari bilan o‘tkazilgan sayyor uchrashuvda shu mahallada istiqomat qiluvchi kam ta’minlangan oilalar talabalarining kontrakt to‘lovi amalga oshirilgani to‘g‘risidagi bank sertifikatlarini taqdim etdi. Yoshlar tomonidan ko‘tarilgan – mahallaga ochiq sporti maydonchasi qurish to‘g‘risidagi murojaatlarini tinglab, sektor rahbari, mutasaddi tashkilotlar mas’ullariga masalani ijobiy hal etilishi yuzasidan aniq topshiriqlar berdi va ijrosi nazoratga olinganini ta’kidladi.
***
Baxmal tumanining tog‘ oldi “Baxmal” MFY hududidan o‘tuvchi Sangzor daryosiga sel kelishi oqibatlari tuman hokimi, ichki ishlar hamda favqulodda vaziyatlar bo‘limlari boshliqlari va boshqa mutasaddi mas’ullar tomonidan joyiga borib o‘rganildi.

Bir necha kundan buyon yoqqan muttasil yog‘ingarchiliklar natijasida kelgan sel suvlari oqibatida ushbu hududdagi aholi yashash xonadonlari, ekin maydonlari va boshqa qurilmalariga zarar yetmagani aniqlandi.
Hozirda hududdagi soylar to‘liq nazoratga olingan hamda sel kelish xavfining oldini olish va ularni zudlik bilan bartaraf etish maqsadida viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi va uning tuman bo‘limi mas’ullaridan iborat navbatchilik guruhlari kun-u tun shay holatda turibdi.
***
Davlat fuqarolik xizmatchilari uchun kuni kecha o‘tkazilgan navbatdagi “Siyosiy-ma’rifiy soat”da Jizzax shahar hokimligi xodimlari ham faol ishtirok etdi.

O‘quv soati davomida tinglovchilar Prezidentimiz tomonidan 2023 yil 7 fevralda imzolangan “O‘zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarorining mazmun-mohiyati yuzasidan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi milliy markazi mas’ul xodimi Shermat Xolmatovning ma’ruzasi ishtirokchilar tomonidan katta qiziqish bilan tinglandi.
Shuningdek, o‘quv soati davomida “Bir chimdim ma’naviyat” rukni ostida O‘zbekiston va xorijdagi muhim voqealar yuzasidan batafsil ma’lumot berildi.
A.QAYUMOV,
J.YORBEKOV (surat), O‘zA