Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Zafarobod tuman hokimi “Pistalikent” shaharcha fuqarolar yig‘inidagi tadbirkorlar faoliyatini o‘rgandi.

Hokim paypoq ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Sitorabonu &Madinabonu textel” oilaviy korxonasi va mebel ishlab chiqaruvchi “Dilbar ona mebellari” oilaviy korxonasining ish faoliyatlari bilan tanishib, tadbirkorlarga sovuq sharoitda yuzaga kelgan muammoli masalalar bo‘yicha yordam ko‘rsatilishini ta’kidladi. Mutasaddilarga tegishliligi bo‘yicha aniq topshiriq va ko‘rsatmalar berdi.
* * *
Do‘stlik tumanidagi Prezident Xalq qabulxonasida aholi murojaatlari tinglandi. Unda tuman hokimi Sh.Darvishev, Xalq qabulxonasi mudiri G‘.Parmonov, sektorlar va boshqa mutasaddi rahbarlar ishtirok etdi.

Qabul davomida 30 nafardan ortiq fuqarolar bandlik, salomatlikni tiklash, uy-joy, gaz ta’minoti, yer maydonlari, kredit mablag‘lari, moddiy yordamlar ajratish, yo‘llardan foydalanish masalalari bo‘yicha murojaat qildi.
Murojaatlarning aksariyati ijobiy hal etildi. Yechimi vaqt va mablag‘ talab etadigan masalalar bo‘yicha mutasaddilarga aniq ko‘rsatmalar berilib, ijrosi nazoratga olindi.
* * *
Davlatimiz rahbari tomonidan shu yilning 20 yanvar kuni maktablarda o‘quvchilarni kasbga o‘rgatish bo‘yicha tumanlarning ixtisoslashuviga bag‘ishlab o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida umumta’lim maktablari o‘quvchilarini kasbga o‘rgatish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilab berilgan edi.

G‘allaorol tumani hokimi J.Oqboyev, tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi mudiri A.Suyunov boshchiligida mas’ul xodimlar va umumta’lim maktab rahbarlari Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan vazifalarni amalga oshirish maqsadida Zomin tumanidagi 60-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi qoshidagi “Kasblar markazi” hamda Zarbdor tumanidagi kar va zaif eshituvchilar maxsus maktab-internatiga borib, yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.
Kelgusidagi rejalar belgilab olindi.
* * *
Mirzacho‘l tumani IIB boshlig‘i, podpolkovnik J.Karimov tomonidan hududdagi “Paxtazor” va O‘zbekiston QFYdagi o‘rta umumta’lim maktablarining isitish tizimlari o‘rganilib, sinfxonalarda issiqlikni me’yorida ushlab turish bo‘yicha mas’ullarga ko‘rsatma va topshiriqlar berildi.

Bundan tashqari, 3-sektor rahbari mutasaddi korxona va tashkilotlar bilan birgalikda “G‘alaba” MFYda aholining tabiiy gaz, ichimlik suvi va isitish tarmoqlarini ko‘zdan kechirdi. Jarayonda 2 ta oilaga homiylik yordami ko‘rsatilib, uylar tabiiy gaz tarmog‘iga ulandi. Shuningdek, 3-sektor tomonidan N.Xolmatovaning yashash uyiga eshik o‘rnatib berildi.
* * *
Jizzax shahri, Arnasoy va Yangiobod tumanlari IIB YHXB xodimlari tomonidan voyaga yetmaganlar bilan bog‘liq sodir etilishi mumkin bo‘lgan yo‘l-transport hodisalarining oldini olish maqsadida umumta’lim maktablari o‘quvchilari va maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarbiyalanuvchilariga yo‘l harakati qoidalari bo‘yicha qisqa muddatli 10-15 daqiqalik o‘quv dars mashg‘ulotlari tashkil etilmoqda.

Mazkur targ‘ibot mashg‘ulotlarida piyoda, velosipid boshqaruvchilari tomonidan yo‘l harakati qoidalarini buzish holatlari nimalarga olib kelishi haqida so‘z yuritilib, yo‘l harakati qoidalariga amal qilgan holda harakatlanishlari soha xodimlari tomonidan ko‘rgazmali materiallar orqali ko‘rsatib berilmoqda.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA