Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Yangiobod tumanining barcha mahallalarida yoshlar yetakchilari va mas’ullar tomonidan 14-30 yosh toifasidagi yoshlarni xatlovdan o‘tkazish jarayonlari qizg‘in davom etmoqda.

Xususan, sektorlar tizimida “Sarmich”, “Balandchaqir”, “Chakan” mahalla fuqarolar yig‘inlarida sektorlar vakillari va mahallalardagi yoshlar yetakchilari tomonidan xatlov olib borilib, umumiy yoshlar balansini shakllantirish maqsadida belgilangan yo‘nalishlar doirasida o‘rganishlar o‘tkazildi.
* * *
Prezident ta’lim muassasalari agentligi tasarrufidagi Do‘stlik tuman ixtisoslashtirilgan maktabi o‘quvchilari orasida 21 oktyabr – O‘zbek tili bayrami munosabati bilan “Ona tili – millat ruhi!” hamda “Navoiyni anglash – o‘zlikni anglash” mavzularida insholar tanlovi o‘tkazildi.

O‘quvchilar o‘z insholarida o‘zbek tilining yurtimizda e’zozlanishi, ijodkorlar tomonidan madh etilishi, o‘zbek tilining insonlar hayotidagi o‘rni haqida bayon qilgan. O‘z fikr va mulohazalarini bildirgan.
* * *
G‘allaorol tumani barkamol avlod bolalar maktabi, madaniyat markazi va boshqa ta’lim muassasalarida o‘quvchi-yoshlar ishtirokida otashin shoir, tarjimon va dramaturg Usmon Nosir tavalludining 110 yilligiga bag‘ishlab “El sevgan shoir” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etilmoqda.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Ma’naviyat va ma’rifat markazi, xalq ta’limi tuman bo‘limlari hamkorligida tashkil etilayotgan tadbirlarda yozuvchi va shoirlar, san’atkorlar, ma’naviyat va ma’rifat targ‘ibotchilari ishtirok etmoqda.
* * *
Forish tumani sog‘liqni saqlash bo‘limi tomonidan mahallalardagi xotin-qizlar faollari bilan hamkorlikda erta tug‘ruqning oldini olish, gigiyena talablari, sog‘lom turmush tarziga rioya qilish va to‘g‘ri ovqatlanish yuzasidan davra suhbatlari, uchrashuv va ma’ruzalar tashkil etib borilyapti.

Shunday tadbirlar belgilangan jadval asosida tumandagi “Qizilqum”, “Oqtepa”, “Oqtom” va “Egizbuloq” mahalla fuqarolar yig‘inlarida o‘tkazilib, mavzu yuzasidan xotin-qizlarga zarur maslahat va tavsiyalar berildi.
* * *
Zarbdor tuman prokuraturasi, tuman maktabgacha ta’lim tashkiloti bo‘limi tomonidan mutasaddi tashkilot xodimlari bilan hamkorlikda Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 30 iyundagi “Davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida sog‘lom ovqatlantirish tizimini takomillashtirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida hududdagi davlat va nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyati o‘rganildi.

O‘rganishlar jarayonida tarbiyalanuvchilarining sifatli ovqatlanishini tashkil etish, sanitariya qonun va me’yorlari talablariga rioya etilishi masalalarida yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklar muhokama qilinib, ularni bartaraf etish yuzasidan aniq chora-tadbirlar belgilab olindi.
* * *
Arnasoy tumanida xotin-qizlarni jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish, shug‘ullanishlari uchun barcha sharoitlarni yaratish va sport musobaqalari tashkil etish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.
Tumandagi 5-sonli bolalar musiqa va san’ati maktabida “Gimnastika barcha uchun” shiori ostida sport tadbiri o‘tkazildi. Unda tumandagi maktabgacha ta’lim tashkilotlaridan jami 26 nafar tarbiyalanuvchi ishtirok etib, birinchi o‘rinni 4-sonli “Lola” DMTT jamoasi qo‘lga kiritdi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA