Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Baxmal tumanida o‘rmon xo‘jaligi xodimlari tashabbusi bilan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida “Zarbdor 40 kunlik” boshlandi.
Ma’lum qilishlaricha, joriy yil mavsumi uchun ko‘chatxonalarda ko‘chatlar sanoqdan o‘tkazilib, 10 turdan ortiq manzarali va mevali daraxt ko‘chatlari ekishga tayyor holatga keltirilgan.
* * *

Do‘stlikda O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi tuman kengashining konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.
Unda o‘tgan 5 yillik faoliyat sarhisob qilinib, kelgusida amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan rejalar belgilab olindi. O‘tgan yillardagi faoliyati davomida faollik ko‘rsatganlar rag‘batlantirildi.
Nigora Qarshiyeva Yoshlar ittifoqi Do‘stlik tuman kengashi raisi vazifasiga qayta saylandi.
* * *
Forish tuman favqulodda vaziyatlar bo‘limi, milliy gvardiya hamda “Forishtumangaz” korxonasi xodimlari tumandagi maktabgacha ta’lim tashkilotlarida kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik holatini o‘rganmoqda.

O‘rganish jarayonida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bilan birga, maktabgacha ta’lim tashkilotlari xodimlari o‘rtasida is gazidan zaharlanishning oldini olish, bolalarga berilayotgan oziq-ovqat mahsulotlari sifati, tartib-intizom va bog‘chalarning obodonligiga ham e’tibor qaratildi.
* * *
Markaziy harbiy okrug, Jizzax viloyati nuroniylar kengashi, Zarbdor tumani mudofaa ishlari bo‘limi bilan hamkorlikda Bo‘ston shaharchasida joylashgan 26-maktab yoshlari uchun “Armiyam – mening faxrim” shiori ostida mardlik va jasorat darslari tashkil etildi.
Yoshlarga faxriy harbiylar qiziqarli hayotiy voqealarni hikoya qilib berdi va ularni qiziqtirgan savollarga javob qaytardi.
* * *
“21 oktyabr – O‘zbek tili bayrami kuni” munosabati bilan Jizzax shahrining markaziy shoh ko‘chasi va aholi gavjum maskanlariga o‘zbek tilini ulug‘lovchi hikmatli so‘zlar, she’riy satrlar aks ettirilgan tasviriy targ‘ibot vositalari joylashtirilmoqda.
* * *
Mirzacho‘l tuman xalq ta’limi bo‘limiga qarashli umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 7-11 sinflari o‘quvchi qizlari o‘rtasida “Erta nikoh va uning oldini olish”, “Erta tug‘ruq va uning salbiy oqibatlari” mavzularida davra suhbatlari bo‘lib o‘tmoqda.

Shifokor-endokrinologlar, o‘smirlar shifokorlari, oila va xotin-qizlar tuman bo‘limi yetakchi mutaxassislari ma’ruzalar o‘qimoqda.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA