Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Mirzacho‘l tumanida jamiyatda yangi ma’naviy makon yaratishda xotin-qizlarning faolligini qo‘llab-quvvatlash, farzand tarbiyasi, oila, xotin-qizlar ma’naviyatini yuksaltirishda jamoatchilikka, eng avvalo, yoshlarga tarbiyaviy ta’sir ko‘rsata oladigan obro‘-e’tiborli va katta hayotiy tajribaga ega bo‘lgan, faol va tashabbuskor ayollarning sa’y-harakatlarini birlashtirish bo‘yicha xotin-qizlar faollari tomonidan bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, kuni kecha “G‘alaba” mahalla fuqarolar yig‘inida “Oqila ayollar” harakati faoliyati tashkil etilib, ular uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratildi.

G‘allaorol tumanida Oila va xotin qizlar bo‘limi tomonidan mahallalardagi xotin-qizlar faollari ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Unda xotin-qizlar faollariga tumandagi ayollar muammolarini tizimli o‘rganish va ularni hal etishda ko‘maklashish yuzasidan aniq tavsiyalar berilib, birinchi navbatda “Ayollar daftari” ro‘yxatiga kiritilgan xotin-qizlarning muammolariga alohida e’tibor qaratilishi ta’kidlandi.

Jizzax shahridagi “Ishga marhamat!” monomarkaz tinglovchilari va mahalla “Yoshlar daftari”, “Ayollar daftari” ro‘yxatida turuvchi xotin-qizlar uchun “Sabr tashkiloti” bilan hamkorlikda 5 kunlik tadbirkorlik qilishga bag‘ishlangan o‘quv-seminari tashkil etildi.
Tadbirda monomarkaz kursini tamomlagan tinglovchilarga sertifikatlar topshirildi.

Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i, general-mayor G‘ayrat Qodirov G‘allaorol tumani “Gulchambar” qishloq fuqarolar yig‘inida aholi bilan ochiq muloqot o‘tkazdi.
Suhbatda hududdagi eng dolzarb muammolar o‘rganildi. Shuningdek, 2022-2023 yillarda mahallalar infratuzilmasini rivojlantirish dasturini amalga oshirish borasida qilinadigan ishlar ham atroflicha muhokama etildi.

Yoshlar ishlari agentligi tomonidan ma’rifatparvar jadid allomalarimizning ilmiy merosini ommalashtirish maqsadida “Jadidlar” rukni ostida kitoblar to‘plami nashr etilgan edi.
Ma’rifatparvar jadidlarning hayoti va ijodi, asarlarining qisqacha tahlili, e’tirofi, hikmatli so‘zlari va boshqa jihatlari o‘rin olgan mazkur to‘plam Yoshlar ishlari agentligi G‘allaorol tumani bo‘limi tomonidan hududdagi barcha umumta’lim maktablari kutubxonalarga topshirildi.

A.Qayumov, O‘zA