Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Arnasoy tumanidagi mahalla fuqarolar yig‘inlarida sektorlar rahbarlari tomonidan jinoyatchilikni oldini olish va sodir etilgan jinoyatlar muhokamasiga bag‘ishlangan ochiq muloqot o‘tkazilmoqda.

Jumladan, tumandagi “G‘afur G‘ulom” va “Do‘stlik” mahalla fuqarolar yig‘inlari aholisi uchun xuddi shunday tadbir tashkil etildi. Unda tuman hududida yashovchi jinoyat sodir etishga moyil bo‘lgan va jinoyat sodir etgan shaxslar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi JKning 105-moddasi 1-qismi, 219-moddasi 1-qismi va 140-moddasiga asosan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishlari jamoatchilik o‘rtasida keng muhokama qilindi.

Ushbu va boshqa jinoyatlarni sodir etishni oldini olish borasida nimalarga e’tibor qaratish lozimligi xususida alohida to‘xtalib o‘tildi.
Baxmal tumanida Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Jizzax viloyati filiali tomonidan hamkor tashkilotlar bilan oila va xotin-qizlar boshqarmasining kadrlar bo‘limi mas’ul xodimlari uchun o‘quv-seminar tashkil etildi.
Tadbirda kadrlar bo‘limlari xodimlarining Yagona milliy mehnat tizimi (YAMMT) bilan ishlash bo‘yicha bilimlari oshirilib, kerakli tushunchalar berildi. Ular tomonidan kelgusida e’tibor qaratish lozim bo‘lgan masalalar atroflicha muhokama etildi.

Do‘stlik tumani hokimligi tashabbusi bilan xalq ta’limi va maktabgacha ta’lim bo‘limlarining bir guruh xodimlari yurtimizning tarixiy maskanlaridan biri – Buxoro viloyatiga sayohat tashkil etildi.
Sayohat davomida Xoja Abduxoliq G‘ijduvoniy, Xoja Orif Revgariy, Xoja Mahmud Fag‘naviy, Xoja Ali Romitaniy, Xoja Muhammad Boboyi Samosiy, Xoja Sayyid Amir Kulol, Xoja Bahouddin Naqshband kabi yetti pir ziyoratgohlari va Buxoro shahridagi tarixiy obidalarga ziyorat qilindi. Ushbu sayohat ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.
***
Zarbdorda Yoshlar ittifoqi tuman kengashi, Yoshlar ishlari agentligi, tuman madaniyat, xalq ta’limi bo‘limlari bilan birgalikda “Kamalak yulduzlari” respublika bolalar ijodiyot festivali tuman bosqichi bo‘lib o‘tdi. Festivalning tuman bosqichida 6 yoshdan 14 yoshgacha bo‘lgan 250 dan ortiq o‘quvchilar faol ishtirok etdi. Tashkilotchilar tomonidan tadbir g‘olib, sovrindor va eng faol ishtirokchilariga diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.
***
Muqaddas Qurbon hayiti ezgulik, xayru saxovat va mehr-oqibat oyi sifatida el-yurtimizning ijtimoiy-ma’naviy hayotida azal-azaldan alohida o‘rin egallab keladi.
Ushbu bayramda va bayram arafasida Mirzacho‘l tumani hududidagi mahallalarda tozalik va obodonlashtirish ishlarida faol ishtirok etgan tuman obodonlashtirish boshqarmasi xodimlarini rag‘batlantirish maqsadida tuman hokimi tashabbusi bilan “Sangzor tekstil klaster” homiyligida bayram oshi tashkil etildi. Obodonlashtirish ishida faol ishtirok etgan xodimlarga esdalik sovg‘alari tarqatildi.
***
Mini futbol bo‘yicha Davlat xavfsizlik xizmati raisi kubogi Jizzax viloyati bosqichida ishtirok etayotgan Sharof Rashidov tumani “Toqchilik” mahalla fuqarolar yig‘ini yoshlari hududiy final bahsida g‘allaorollik yosh mini futbolchilari ustidan 3:1 hisobida g‘alaba qozondi va “play-off” yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.
A.QAYUMOV,
J.YORBEKOV (suri)O‘zA