Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
“Yangikent” MFYda yashovchi fuqarolarning murojaatlari Zarbdor tuman Prezident Xalq qabulxonasi, MFY raisi, hokim yordamchisi, xotin-qizlar faoli hamda profilaktika inspektori bilan hamkorlikda o‘rganildi.
Murojaatlarning ijobiy hal etilishi bo‘yicha mahalla faollariga zaruriy tavsiyalar berildi. Hokim yordamchisi S.Bekbulovning tashabbusi bilan mahalladagi kam ta’minlangan oilalarga subsidiya asosida mablag‘lar ajratilib ularning bandligi ta’minlandi.
Jumladan, “Porloq yo‘l” ko‘chasida yashovchi kam ta’minlangan, ishsiz fuqaro D.Esanovaga subsidiya asosida berilgan mablag‘ evaziga xorijda ishlab chiqarilgan 20 million so‘mlik bir martada 500 dona jo‘ja ochib chiqarish quvvatiga ega bo‘lgan inkubator taqdim etildi.
* * *
Zomin tumanida Jizzax viloyati davlat soliq boshqarmasi tomonidan tashkil etilgan seminar-treningga mahallalarda tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha hokim yordamchilari jalb etildi.
Seminar davomida yakka tartibdagi tadbirkorlik subektlari va yuridik shaxs sifatida ish yurituvchi korxonalar faoliyati, ularda yuzaga kelayotgan muammolar va ularning yechimlari haqida so‘z bordi. YATT va yuridik shaxs sifatida faoliyat olib borayotgan korxonalarga yaratilayotgan imkoniyatlardan oqilona foydalanish masalalari ham muhokama qilindi.
* * *
Xalq deputatlari Jizzax shahar Kengashining 41-sessiyasida sektor rahbarlarining hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” asosida amalga oshirilayotgan ishlar bo‘yicha hisobotlari tinglandi.
Prezidentimizning Jizzax shahridagi Prezident xalq qabulxonasini mahallalarda tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha hokim yordamchilari faoliyatining natijadorligi, sektorlar va hududdagi tashkilotlar rahbarlari faoliyati, murojaatlar bilan ishlash holati bo‘yicha axborotlari tinglandi.
Unda shaharni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, investitsiya loyihalarini amalga oshirish, mahalliy byudjet daromadlarining bajarilish holati kabi masalalar muhokama etildi.
Ko‘rib chiqilgan barcha masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.
* * *
G‘allaorol tuman IIB, tuman targ‘ibot bo‘limi bilan hamkorlikda “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” va “Temir daftar”lari ro‘yxatiga kirgan fuqarolarga Jizzax viloyati “Istiqlol Avlodi” IIHQQ markazi “Aholining ehtiyojmand qatlamiga huquqiy yordam ko‘rsatish va huquqiy savodxonligini oshirish“ AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) moliyaviy ko‘magi orqali amalga oshiralayotgan loyiha doirasida tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbir Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 12 avgustdagi “Kam ta’minlangan oilalarga ijtimoiy nafaqa va moddiy yordam tayinlash va to‘lash tartibi tug‘risida”gi qarori, shuningdek, Oila kodeksi bo‘yicha nikohni qayd etish va nikohni bekor qilish hamda markaz faoliyati bo‘yicha tushuntirishlar berildi.
* * *
Zarbdor tumani IIB shaxsiy tarkibi o‘rtasida “Ma’naviyat oyligi” doirasida “Zakovat” intellektual o‘yinining tuman bosqichi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi tuman kengashi, tuman IIB va AKM bilan hamkorlikda tashkil etilgan ushbu tadbir g‘olib jamoasi “Zakovat” intellektual o‘yinining viloyat bosqichida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi.
* * *
Mirzacho‘l tumanida tadbirkorligini boshlamoqchi bo‘lgan yoshlar har tomonlama qo‘llab-quvvvatlanmoqda. Tuman hokimligining tashabbusi bilan “Bog‘bon” QFYdagi bo‘sh turgan bino 22 yoshli tadbirkor Parvez Dadajonovning oilaviy tadbirkorligi uchun ajratib berildi. U bu yerda paypoq ishlab chiqarish kichik sexini barpo etib, hozirda to‘rtta tikuv mashinasi (dastgohi) o‘rnatib, bir sutka davomida 350-400 juft paypoq ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydi.

Yosh tadbirkorning kelgusi rejalari ulkan. Dastgohlar sonini ko‘paytirib, sexni yanada kengaytirish va mahalladagi 15-20 nafar yoshni ish bilan ta’minlash niyatida.
* * *
Majburiy ijro byurosi Sharof Rashidov tuman bo‘limida Jizzax viloyati yuridik texnikumi o‘quvchi yoshlari uchun “Ochiq eshiklar kuni” tadbiri tashkil etildi.
Dastlab, majburiy ijro byurosi Sharof Rashidov tumani bo‘limi boshlig‘i, adliya kichik maslahatchisi Sh.Akbutayev tomonidan yoshlarga byuro tizimi faoliyati haqida atroflicha tushunchalar berildi.
Shundan so‘ng o‘quvchilar byurodagi xodimlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, ish jarayonlari bilan yaqindan tanishdi.
* * *
Mamlakatimizda olib borilayotgan “mahallabay” ishlash tizimi, amalga oshirilgan ishlarni o‘rganish, tahlil qilish va amaliy yordam berish, milliy kadrlar zaxirasiga nomzodlarni saralab olish maqsadida Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi viloyat filiali rahbari va xodimlari Do‘stlik tumanida bo‘ldi.
Tumandagi 12 ta MFYda tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandlikni ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi hamda mahalladagi faol xotin-qizlar faoliyati bilan yaqindan tanishtirildi, ularga yaratilgan sharoitlar o‘rganildi, kelgusida amalga oshiriladigan ishlari bo‘yicha suhbatlashildi.
Unda eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlari asosida baholash tizimi, natijadorlik, ish faoliyatida ijobiy o‘zgarishga erishganlarni mukofotlash tizimi va “karera modeli” haqida atroflicha tushuncha va tavsiyalar berildi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA