Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Zomin tumanida “Yoshlar daftari” ro‘yxati shakllantirilmoqda. Jumladan, 2-sektor hududida joylashgan “Peshog‘or” mahalla fuqarolar yig‘inida ushbu daftar ro‘yxatiga olingan 23 nafar yoshdan 16 nafariga mahallaga biriktirilgan hokim yordamchisi, mahalla yoshlar yetakchisi, tuman e-ijro auksioni xodimlari ishtirokida dehqonchilik qilish uchun yer maydonlari ajratilib, ularning bandligi ta’minlandi.
Zarbdor tuman hokimi va tuman prokurori “Lalimikor” MFY hududidagi “Buloq boshi” qishlog‘i aholisi bilan avvalgi uchrashuvda aholining talab va istaklariga ko‘ra, elektr energiyasining barqarorligini ta’minlash yuzasidan murojaatlarini tinglagan edi. Ushbu uchrashuvda esa mahalla uchun yangi o‘rnatilgan transformator ko‘zdan kechirildi. Navbatdagi uchrashuvda aholi tomonidan ichimlik suv ta’minoti, tabiiy gazdan qarzdorlik, ichki yo‘llar ta’miri, uy-joy kadastri kabi murojaatlar bildirildi. Bu yil qishloq aholisi uchun yangi ichimlik suv qudug‘i qazilib foydalanishga topshiriladi. 
Ichki ishlar boshqarmasiga qarashli “Zomin” sog‘lomlashtirish oromgohida “Farovon kelajak sari” III respublika forumi doirasida konsert uyushtirildi.
Viloyat ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internati badiiy jamoasi tomonidan taqdim etilgan ushbu konsert dasturi dam oluvchilarda chuqur taassurot qoldirdi. 
Respublika ma’naviyat-ma’rifat markazi Mirzacho‘l tuman bo‘limi tomonidan hududdagi diniy vaziyatni sog‘lomlashtirish va ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini yanada mustahkamlash, diniy mutaassiblikning oldini olish hamda tuman xotin-qizlari o‘rtasida sog‘lom muhitni yaratish maqsadida “Jaholatga qarshi ma’rifat”, “Ogohlik, hushyorlik davr talabi, terrorizm, ekstremizm va missionerlik dahshatli ofat” mavzularida umumprofilaktika targ‘ibot tadbiri o‘tkazildi. Tashkilotchilar tomonidan ishtirokchilarga, yangi tahrirdagi “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida” gi Qonunni joylarda to‘g‘ri targ‘ib qilish va uning mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka tushuntirish yuzasidan fikr-mulohazalar bildirilib, tadbir yakunida “Terrorizm xuruji yoxud soxta da’volar” nomli hujjatli film namoyish etildi. 
Paxtakor tuman fuqarolar yig‘inlari raislari (oqsoqollari) saylovini o‘tkazish komissiyasining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Dastlab mahalla va qishloq fuqarolar yig‘inlarida saylovga tayyorgarlik jarayonlari muhokama qilindi. So‘ngra ishtirokchilarga saylovni o‘tkazish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi “Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovi to‘g‘risida”gi Qonunning mazmun-mohiyati atroflicha tushuntirildi.
Zafarobod tuman adliya bo‘limi, tuman mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash bo‘limi bilan birgalikda joriy yilning may oyida bo‘lib o‘tadigan fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish masalalari muhokama qilindi.
Adliya bo‘limi qonunchilik mazmun mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazish maqsadida tumanning “Nurafshon” hamda “Tinchlik” MFYlarida bo‘lib, fuqarolar bilan uchrashuvlar o‘tkazdi va saylovga tayyorgarlik ishlari bilan yaqindan tanishdi. 
Do‘stlik tumanida uyushmagan yoshlar o‘rtasida “Yangi O‘zbekiston – yangicha dunyoqarash” shiori ostida “Zakovat” intellektual o‘yini tashkil etildi.
Tuman hokimligi, Yoshlar ishlari agentligi tuman bo‘limi va hamkor tashkilotlar tomonidan tashkil etilgan tadbirda tumandagi 12 ta MFY uyushmagan yoshlaridan tashkil topgan jamoalar o‘zaro bahslashdi. G‘olib va sovrindorlar tashkilotchilarning diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
A.Qayumov,
J.Yorbekov (surat), O‘zA