Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Prezidentimizning 2021 yil 26 martdagi “Ma’naviy-ma’rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida “Eng faol ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchi” tanlovi Do‘stlik tuman bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Tanlovda 1-, 2- va 3-o‘rinni qo‘lga kiritgan eng faol targ‘ibotchilar tuman hokimligi tomonidan munosib taqdirlandi. Endi ular viloyat bosqichida tuman sharafini himoya qiladi.

Zafarobod tumani “Pistalikent” MFY da joriy yil mart oyida “E-AUKSION” ochiq elektron tanlovida ishtirok etib, g‘olib bo‘lgan 30 nafar fuqaroga dehqon xo‘jaligi tashkil etish uchun 50 sotixdan jami 15 gektar yer maydoni belgilangan tartibda o‘lchab berildi. 10 yil muddatga ijara asosida 50 sotix yer maydonga ega bo‘lgan fuqarolar yerga ishlov berish va agrotexnik tadbirlarni boshlab yubordi.

Mirzacho‘l tuman prokurori, 2-sektor rahbari J.Ko‘shilov hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi hamda mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari bilan birgalikda sektordagi bir qator qishloq va mahalla fuqarolar yig‘inlari xonadonlariga uyma-uy kirib, aholi muammolarini o‘rgangan edi.
Jumladan, tumandagi “Bog‘bon” QFYda o‘tkazilgan o‘rganishlardan so‘ng, 3 ta 24 million 300 ming so‘mlik (2 tasi issiqxona uchun) subsidiya, 1 ta 28 million 500 ming so‘mlik kredit mablag‘lari ajratilishi, 1 ta tadbirkorning esa faoliyati qayta tiklanishi, 328 tup ko‘chat ekilishi hamda 21 nafar yosh yigit-qizga yer ajratib berilishi ta’minlandi.
Tumandagi 2-sektor hududidagi boshqa QFY hamda MFYda ham bu boradagi ishlar qizg‘in davom etmoqda.

Sharof Rashidov tumani hokimi M.Xolbo‘tayevning tuman fuqarolari bilan bo‘lib o‘tgan sayyor qabulida xalq dardini eshitish, ularning muammolarini hal etish choralari ko‘rilmoqda.
Sayyor qabulda ko‘tarilgan murojaatlarning 30 foizi joyida o‘z yechimini topdi. Ushbu qabuldagi 20 foiz murojaat egalariga zarur huquqiy maslahatlar berildi, qolgan masalalarni o‘rganish vaqt talab qilganligi sabab, mutasaddilarga aniq topshiriqlar yuklatilib, ijrosi qat’iy nazoratga olindi.

Yangiobod tumanining mahalla va qishloqlari aholisiga yanada qulayliklar yaratish maqsadida asosiy va ichki yo‘llarda ta’mirlash va soz holatga keltirish ishlari izchillik bilan olib borilmoqda. Xususan, tumandagi “Sarmich” MFYdagi mahalliy ahamiyatdagi yo‘lga “Yangiobod avtoyo‘l” korxonasi tomonidan 30 tonna asfalt va bitum yotqazildi.
Tumandagi boshqa mahalla va qishloq fuqarolar yig‘inlaridagi ichki yo‘llarni ta’mirlash ishlari ham bosqichma-bosqich amalga oshirilishi belgilab olingan.
Joriy yil 1 aprelidan 1 mayiga qadar mamlakatimizdagi kabi G‘allaorol tumanida ham “Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va fuqaro muhofazasi oyligi” o‘tkazilmoqda.
Mazkur oylik davomida aholi va hududlarni yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlarda to‘g‘ri harakatlanish va yong‘in xavfsizligi bo‘yicha targ‘ibot-tashviqot ishlarini tumandagi har bir qishloq va mahalla fuqarolar yig‘inlari, korxona, tashkilot va muassasalarda belgilangan jadval asosida keng qamrovda o‘tkazish rejalashtirilgan.

A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA