Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Yangiobod tumanida o‘ta xavfli kasalliklar sirasiga kiruvchi “Qirim – Kongo gemorragik istima” kasalligi tarqalganda tezkor choralar ko‘rish bo‘yicha tashkilot, korxona, muassasa va aholi tomonidan amalga oshirishlari lozim bo‘lgan vazifalar yuzasidan o‘quv taktik mashg‘ulot o‘tkazildi.
Tadir tuman SEO va JSB, tuman favqulodda vaziyatlar bo‘limi, tuman tibbiyot birlashmasi va tuman veterinariya bo‘limi bilan hamkorlikda tashkil etilib, unda “Balandchaqir” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi aholi, korxona va muassasalarning ishchi-xizmatchilari ishtirok etdi.

***
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tashabbusi bilan mamlakatimiz bo‘ylab “Qon topshir – hayot in’om et!” aksiyasi butun mamlakatimizdagi kabi Do‘stlik tumanida ham izchil davom etmoqda.
Tuman tibbiyot birlashmasida mazkur tashabbus bo‘yicha donorlik aksiyasi bo‘lib o‘tmoqda. Boshlangan ushbu tashabbusga labbay deb javob bergan, tuman ahli tadbirda faol ishtirok etayotir. Aksiyada xalq deputatlari tuman Kengashi deputatlari, tibbiyot birlashmasi xodimlari birinchilardan bo‘lib qon topshirib, beg‘araz donorlik qildi.

***
Xuddi shunday “Qon topshir – hayot in’om et!” aksiyasi Zarbdor tumanida ham bo‘lib o‘tmoqda. Tadbirda tuman tibbiyot birlashmasi xodimlari, tibbiyot muassasalari mas’ullari, shifokor va hamshiralar ham faol ishtirok etib, beg‘araz donor sifatida ushbu xayrli ishga munosib hissa qo‘shmoqda.

***
Muttasil yog‘ingarchilikka qaramay Arnasoy tumanidagi barcha mahalla fuqarolar yig‘inlarida “Yashil makon” umummilliy loyihasi davom etmoqda.
Kuni kecha birgina Bobur nomli MFYdagi qishloq va ko‘cha chetlariga tuman hokimligi, obodonlantirish boshqarmasi, ekalogiya va atrof-muhitni muhofaza qilish tuman bo‘limi, suv ta’minoti tuman filiali, elektr ta’minoti korxonasi va mahalla fuqarolari tomonidan 1 ming tup archa ko‘chatlari olib kelib ekildi. Ushbu ekilgan daraxtlarni parvarish qilish va o‘sishini ta’minlash mutasaddilar mas’ul etib biriktirildi.

***
Yoshlarni bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularni vatanparvarlik ruxida tarbiyalash maqsadida “Xalq bilan armiya bir tanu-bir jon!” shiori ostida Zomin tumani 1-sektoridagi mahallalar yoshlari va “n” harbiy qisimning muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan askarlaridan tashkil topgan jami 6 ta jamoa o‘rtasida zakovat intellektual o‘yini tashkil etildi.
Ushbu intellektual o‘yinda mahalla yoshlaridan tashkil topgan “Dominant” yoshlar klubi birinchi, muddatli harbiy xizmatga chaqirilgan askarlardan tuzilgan “Yosh chegarachilar” jamoasi ikkinchi o‘rinni egalladi. Bellashuv g‘olib va sovrindorlari tashkilotchilarning diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

***
Kuni kecha doimiy an’anaga ko‘ra bo‘lib o‘tgan Sharof Rashidov tuman hokimining navbatdagi qabulida fuqarolarning bandlik, moddiy yordam, tadbirkorlik, uy-joy, qurilish, bank kredit, subsidiya mablag‘lari olishdagi yuzaga kelayotgan muammolar va boshqa masalalari yuzasidan murojaatlari tinglandi.

Ko‘pgina fuqarolarning muammolari joyida hal etilgan bo‘lsa, qolgan murojaatlar bo‘yicha mutasaddilarga aniq topshiriqlar berilib, qisqa fursatda bartaraf etish choralari belgilandi. Ushbu murojaatlarning ijro nazorati mahallalarga biriktirilgan hokim yordamchilari va yoshlar yetakchilari zimmasiga yuklatildi.







A.QAYUMOV,
J.YORBEKOV (surat) O‘zA