Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Do‘stlik tumani “Chinobod” mahallasidagi barak uylarda yashovchi 40 oilaga bundan bir necha yil muqaddam “Mevazor” mahallasida turar-joy qurishlari uchun 3 sotixdan yer maydoni ajratilgan edi.
Tuman hokimi Shavkat Darvishev ushbu mahallada bo‘lib, aholi bilan ochiq muloqot o‘tkazdi. Uchrashuv davomida aholiga tuman hokimining yordamchisi Bobur Islomov tanishtirilib, yangi tashkil etilgan tuzulmaning maqsad hamda vazifalari haqida ham ma’lumot berdi.
Tuman hokimi har bir oila boshlig‘i bilan alohida gaplashib, ularning bugungi yashash sharoitlari bilan qiziqdi. Mavjud muammolarni atroflicha o‘rganish va tezda bartaraf etish uchun tegishli mutasaddilarga topshiriqlar berdi.
* * *
Paxtakor tumani IIB yo‘l harakati xavfsizligi bo‘limi xodimlari tomonidan hududidagi mavjud avtomashinalarning kuzov qismini ta’mirlash ustaxonalari ma’muriyati hamda ishchilari o‘rtasida tushuntirish ishlarini olib bordi.
Ushbu ustaxonalarga ta’mirlash maqsadida olib kelingan har bir transport vositasini ustaxona ishchi xizmatchilari sinchkovlik bilan ko‘zdan kechirishlari, ayrim transport vositalari o‘g‘irlangan yoki yo‘l-ulov hodisasi sodir etib, hodisa izlarini yo‘q qilish maqsadida kelishi mumkinligi, agar shunday holat gumon qilinadigan bo‘lsa zudlik bilan tuman IIBga xabar berishlari yuzasidan yo‘riqnomalar berdi.
* * *

Zomin tumani yoshlaini bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish maqsadida onlayn tadbirlar davom etmoqda. Jumladan, 1-sektor hududida joylashgan mahallalar yoshlari o‘rtasida onlayn tarzda “Insholar tanlovi” o‘tkazildi.
Ushbu tanlovda – “Eng yaxshi insho” egasi deb, “Qayirma” MFYda yashovchi Aziza Hasanova, “Eng yaxshi husnixat” egasi deb esa Sharof Rashidov nomli MFYda yashovchi Mohinur Turdiboyeva topildi.
* * *
Zafarobod tuman Bosh vazir qabulxonasida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni faol qo‘llab-quvvatlash, oilaviy tadbirkorlikni yanada rivojlantirish, mahalliy ishlab chiqaruvchilarni har tomonlama rag‘batlantirish, eksport faoliyatini amalga oshiruvchi korxonalarga qulay shart-sharoitlar yaratib berish maqsadida Zafarobod tumanidagi Bosh vazir qabulxonasi hamda tuman Adliya bo‘limi bilan hamkorlikda "Tadbirkorlar qabuli" bo‘lib o‘tdi.
Ushbu sayyor qabulda 12 tadbirkorning murojaati birma-bir tinglanib, ular tomonidan ko‘tarilgan masalalarni bir haftalik muddat davomida hal etish yuzasidan mutasaddi tashkilotlarga aniq vazifalar yuklatildi va murojaatlar ijrosi nazoratga olindi.
* * *
Forish tumani Yoshlar ishlari agentligi tuman bo‘limi ko‘magida o‘quvchilarning qishki ta’tilini mazmunli tashkil etish maqsadida bir guruh yoshlar Jizzax shahridagi Hamid Olimjon va Zulfiyaxonim hamda Sharof Rashidov muzeylariga sayohat uyushtirdi.
Forishlik yoshlar bu yerda Sharof Rashidov, Hamid Olimjon va Zulfiyaxonim hayoti, mehnati va ijodiy faoliyati bilan yaqindan tanishtirildi.
* * *

Mirzacho‘l tumanida o‘tgan yil davomida yoshlarga uzumchilik, bog‘dorchilik va boshqa yo‘nalishlarda dehqonchilik faoliyatini boshlagan edi.
Ana shu yoshlar uchun ajratilgan yerlardan ular qay tariqa foydalanayotgani monitoring qilinmoqda.
Yoshlar ishlari agentligi tuman bo‘limi boshlig‘i Oybek Nazarov tumandagi “Moltob” qishlog‘ida o‘rganish olib bormoqda.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA