Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Arnasoy tumanida jinoyatchilikka qarshi kurashish va huquqbuzarlik profilaktikasi yuzasidan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tuman hokimining birinchi o‘rinbosari Z.Ismatov, tuman prokurori o‘rinbosari M.Mahmudov hamda ichki ishlar bo‘limi boshlig‘ining birinchi o‘rinborasi O.Toshmuratov mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari va tuman IIB xodimlariga jinoyatchilikning oldini olish borasida nimalarga e’tibor qaratish lozimligi xususida aniq vazifalarni belgilab berdi.

* * *
Baxmal tumanidagi 6-son musiqa va sanat maktabida Jizzax drama teatri aktyorlari tomonidan “Yangi yil sarguzashtlari” nomli teatrlashtirilgan tomosha namoyish etildi.
Qishki ta’til vaqtida o‘quvchilarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish maqsadida tashkil etilgan teatr tomoshasiga kam taminlangan, boquvchisini yo‘qotgan oilalarning hamda uyda ta’lim olayotgan jami 140 nafardan ortiq o‘quvchi jalb etildi.

* * *
Do‘stlik tumani madaniyat markazida besh muhim tashabbus bo‘yicha tashkil etilgan tadbirlarda umumta’lim maktablarida faoliyat ko‘rsatayotgan to‘garak ishtirokchilari o‘z iqtidorlarini namoyish etdi.
Jumladan, ijodkor o‘quvchilar ishtirokida “Men sevgan asar qahramoni” mavzusida Abdulla Qodiriyning “Mehrobdan chayon” hamda O‘tkir Hoshimovning “O‘zbeklar” asarlari qahramonlari haqidagi davra suhbati taassurotlarga boy bo‘ldi.
* * *
Zarbdor tumani prokurori o‘rinbosari A.To‘rayev va tuman IIB boshlig‘i o‘rinbosari Z.Meliboyev Zarbdor tumani IIO Probatsiya hisobida turgan mahkumlar bilan qayta jinoyat sodir etmaslik yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.
Tadbirda mahkumlar qayta jinoyat sodir etgan taqdirda ularni qonun oldida qanday jazo kutayotgani haqida tushunchalar berildi.
* * *
Zomin tumani “Peshog‘ar” MFY yoshlari bilan taniqli kinoaktyorlar Baxtiyor Musayev, Doniyor Rixsitillayev hamda rejissyor Abduxalil Po‘latov ishtirokida ijodiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda kino sohasi mutaxassislari xizmat safarlari davomidagi qiziqarli voqealar haqida so‘zlab berdi va yoshlarning sohaga oid bergan barcha savollariga javob qaytardi.
Uchrashuv davomida “Peshog‘or” MFY madaniyat uyi xodimlari tomonidan kuy-qo‘shiqlar ham ijro etildi.
* * *
Mirzacho‘l tumanida 5 ta muhim tashabbus ijrosini ta’minlash va o‘quvchilarning qishki ta’til vaqtini mazmunli tashkil etish maqsadida “Sportni sev, sport bilan yasha” shiori ostida hamda “Vatanparvarlik oyligi” munosabati bilan umumta’lim maktabi o‘quvchilari o‘rtasida sportning valeybol turidan sport musobaqasi tashkil etildi.
Musobaqa ishtirokchilariga tuman xalq ta’limi, turizm va sport hamda Yoshlar ishlari agentligi tuman bo‘limlari tomonidan esdalik sovg‘alari topshirildi.
* * *
Forishdagi madaniyat markazi kutubxonasida madaniyat, man’naviyat va ma’rifat markazi tuman bo‘limlari hamkorligida ta’lim muassasalari o‘quvchi-yoshlari ishtirokida “Kitob mening do‘stimsan” nomli kitobxonlik tadbiri tashkil etildi.
Unda tumandagi 1-, 12-, 27-, 33-, 55-umumta’lim maktablarining o‘quvchi-yoshlari faol ishtirok etdi, ularga “Jahon va o‘zbek adabiyoti durdonalari kutubxonasi”dan joy olgan badiiy asarlar sovg‘a qilindi.
* * *
Paxtakor tumanida o‘quvchilarning qishki ta’til kunlarini maroqli o‘tkazish maqsadida “Sportni sev sport bilan yasha” shiori ostida sportning gandbol turidan o‘smirlar o‘rtasida musobaqa o‘tkazildi.
Ushbu sport tadbirida yoshlar o‘zaro bahslashdi.
G‘oliblarga tashkilotchilarning diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA