Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Arnasoy tumanida amalga oshirilayotgan islohotlar natijalarini ommaviy axborot vositalari va deputatlar orqali aholining keng qatlamiga yetkazish maqsadida Arnasoy tuman kasb-hunar maktabida press-tur o‘tkazildi.
Unda ishtirokchilar kasb-hunar maktabida yangi ochilgan “Traktorchi – mashinist va qishloq xo‘jalik texnikalariga o‘qitish”, “Tikuvchilik”, “Qandolatchilik” va “IT Park” kabi o‘quv kurslarida yaratilgan shart-sharoitlar yuzasida mutasaddilar bilan suhbatlashib, u yerda tahsil olayotgan yoshlar uchun ajratilgan yotoqxona va yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.

* * *
Jizzax shaharida Xalq ta’limi vazirligi tashabbusi bilan viloyat xalq ta’limi boshqarmasi tomonidan umumta’lim maktablarining 9-11-sinf o‘quvchilari o‘rtasida “Mening huquq va majburiyatlarim” respublika ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Unda Forish tumanidagi 55-sonli umumta’lim maktabining “Adolat” jamoasi faxrli birinchi o‘rinni egallab, respublika bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi. Endi forishlik o‘quvchilar ushbu ko‘rik-tanlovning respublika bosqichida nafaqat tuman, balki Jizzax viloyati sharafini ham himoya qiladi.

* * *
Forish tumani “Qizilqum” MFYda “Ichki ishlar vazirligi kubogi” uchun oilalar o‘rtasida sportning kurash turi bo‘yicha tuman bosqichi musobaqalari bo‘lib o‘tdi.
Barcha oilalardan ustunlikka erishgan “Oq tom” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi Azamat Jumanazarovlar oilasi IIV kubogi uchun o‘tkazilgan musobaqaning tuman bosqichi g‘olibi bo‘ldi.

* * *
Zomin tuman hokimi tashabbusi bilan Jizzax shahridagi 29-sonli “Mehribonlik uyi”dan o‘z yaqinlari bag‘riga qaytarilgan 2 nafar boquvchisidan ayrilgan tumandagi “Mustaqillik” MFYda yashovchi, voyaga yetmagan Ozodbek Risqulov hamda “Duobo” QFYda yashovchi, voyaga yetmagan Nodirbek To‘g‘izboyevning holidan xabar olindi.
Tuman hokimligi va Yoshlar ishlari agentligi tuman bo‘limi vakillari yangi yil arafasida ularning yaqin qarindoshlariga oziq-ovqat mahsulotlari va o‘zlariga esa issiq kiyim-kechaklar tuhfa etdi.

* * *
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Do‘stlik tuman bo‘linmasi hamkor tashkilotlar bilan birgalikda “Qadriyatlari qadr topgan ona Vatanim, Jizzaxim!” shiori ostida xalq milliy hunarmandchilik, folklor jamoalari, milliy kiyimlar ko‘rgazmalaridan tarkib topgan “Milliy qadriyatlar festivali” ko‘rik tanlovining tuman bosqichi o‘tkazildi.
Milliy folklor jamoalari o‘rtasida o‘tkazilgan tanlovda Manas MFYning Madaniyat saroyi folklor jamoasi faxrli 1-o‘rinni egalladi.
Ushbu tarbirda tuman kutubxona markazi tomonidan namoyish etilgan Jahon va o‘zbek adabiyoti durdonalari kutubxonasi”dan o‘rin olgan kitoblar ko‘rgazmasi ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.
* * *
Mirzacho‘l tuman prokurori, 2-sektor rahbari 14-maktabda shu maktabning 11-sinf o‘quvchilari bilan o‘tkazilgan uchrashuvda ishtirokchilarga “Prokuratura organlarining shakllanish tarixi” mavzusida ochiq dars o‘tdi va ushbu uchrashuv jarayonida o‘quvchilarga kelgusi yil oliy o‘quv yurtlariga kirish bo‘yicha tegishli maslahat va ko‘rsatmalar berdi.
Shuningdek, tadbir davomida yoshlar o‘rtasida jinoyatchilik, giyohvandlik, erta turmushning oldini olish va bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish bo‘yicha chora-tadbirlar tashkil etishga alohida e’tibor qaratish yuzasidan Yoshlar ishlari agentligi tuman bo‘limi va maktab rahbariyatiga aniq topshiriq va ko‘rsatmalar berildi.
Uchrashuv yakunida sektor rahbari o‘qishda faol bo‘lgan o‘quvchilarga badiiy adabiyotlar sovg‘a qildi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA