Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Bosh vazirning agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Shuhrat G‘aniyev boshchiligida ishchi guruh xizat safari bilan G‘allaorol tumaniga keldi.
Safar davomida fermer xo‘jaliklari, qishloq xo‘jaligi tomorqa yer egalari va yangidan tashkil etilayotgan agroklaster rahbarlari bilan yig‘ilish o‘tkazdi.
Unda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishda foydalanish mumkin bo‘lgan yerlaridan unumli foydalanish va ijaraga berish, meva-sabzavotchilik klasterlari, fermer xo‘jaliklari faoliyatini rivojlantirish borasida mutasaddilarga zarur tavsiya, taklif va topshiriqlar berildi.
* * *
Arnasoy tumani yosh sportchilari yaqinda karate (ITKF) bo‘yicha o‘ndan ortiq davlatlar ishtirokida o‘tkazilgan Osiyo chempionatida muvaffaqiyatli ishtirok etib qaytdi.
Mazkur musoboqaga puxta tayyorgarlik ko‘rgan tuman yoshlari yakuniy natijalarga ko‘ra 8 oltin, 7 kumush va 5 bronza medallari bilan taqdirlangan edi.
Ushbu musoboqada g‘olib bo‘lgan sportchi yoshlar va ularning murabbiylari tuman hokimligi, turizm va sport bo‘limi, O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi tuman kengashi hamda sportsevar yoshlar tomonidan tantanali kutib olinib, mamlakatimiz sharafini munosib himoya qilgan yoshlarga sovg‘alar topshirildi.
[gallery-5040]
* * *
Zominda Ma’naviyat va ma’rifat markazi tuman bo‘linmasi, O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi tuman kengashi, xalq ta’limi bo‘limi hamkorligida umumta’lim maktablarining 9-11-sinf o‘quvchilari o‘rtasida “Zukko kitobxon” ko‘rik-tanlovining tuman bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Murosasiz bahs-munozaralarga boy tarzda o‘tgan tanlov g‘olib, sovrindor va turli nominatsiya sohiblari tashkilotchilarning diplom, faxriy yorliq va qimmatbaho sovg‘alari bilan taqidlandi.
* * *
Mirzacho‘lda “Qadriyatlari qadr topgan ona Vatanim, Jizzaxim!” shiori ostida xalq milliy hunarmandchilik, folklor jamoalari, milliy liboslar ko‘rgazmalaridan tarkib topgan “Milliy qadriyatlar festivali”ning tuman bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Ushbu tadbirni o‘tkazishdan ko‘zlangan maqsad, yoshlar ongida milliy qadriyatlarmizga bo‘lgan hurmat va ehtiromni shakllantirish, milliy hunarmandchilik an’analari va yuksak ma’naviy me’rosimizni yanada boyitish, xalqimizning qadimiy va ma’naviy me’rosini yanada rivojlantirish, xalq og‘zaki ijodi, Vatanimiz tarixi va o‘tmish an’analarini yoshlar ongiga singdirish, ularni ajdodlarimizga munosib voris etib tarbiyalashdan iboratdir.
“Milliy qadriyatlar festivali” Ma’naviyat va ma’rifat markazi tuman bo‘linmasi, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash tuman bo‘limi, O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi tuman kengashi hamda tuman madaniyat bo‘limi hamkorligida tashkil etildi.
* * *
Sharof Rashidov tumanida “Yoshlar – kelajagimiz” jamg‘armasi Jizzax filiali tomonidan “Yoshlar texnoparki” tashkil etilib, foydalanishga topshirildi.
Ushbu texnopark o‘z biznesini yo‘lga qo‘yishni istagan talabgor yoshlar ixtiyoriga beriladi. Ochilish marosimida poytaxtdan tashrif buyurgan yirik kompaniyalar rahbarlari, biznes treninglar spikerlari va ko‘zga ko‘ringan tadbirkorlar ishtirok etdi.
Ushbu “Yoshlar texnoparki”ni Sharof Rashidov tumani hokimi Mahmud Xolbo‘tayev ochib, yoshlarning tadbirkorlik bilan shug‘ullanishlari uchun yana bir imkoniyat yaratilganini ta’kidladi.
* * *
Yangiobod tumanida “Sog‘lom hayot uchun 5000 qadam!” shiori ostida piyoda yurish marafoni bo‘lib o‘tdi.
Tuman turizm va sport hamda xalq ta’limi bo‘limlari hamkorligida tashkil etilgan ushbu marafonda Yangiobod shaharchasi “Ziyokor” ko‘chasida istiqomat qiluvchi aholi vakillari, shu hududdagi 12-IDUMning rahbar va xodimlari hamda o‘quvchilaridan iborat 400 nafarga yaqin ishtirokchi belgilangan masofani piyoda bosib o‘tdi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA