Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
G‘allaorol tumani xalq ta’limi bo‘limi tasarrufidagi umumta’lim maktablari o‘quvchilari o‘rtasida “Yangi O‘zbekiston – yangi imkoniyatlar” shiori ostida “Mening Prezidentim” mavzusida insholar tanlovining ikkinchi bosqichi o‘tkazildi.
Yakuniy xulosalarga ko‘ra, tumandagi 56- umumta’lim maktabining 10-sinf o‘quvchisi Dinara Akramova birinchi, 57-umumta’lim maktabining 11-sinf o‘quvchisi Shohsanam Burxonova ikkinchi va 66-umumta’lim maktabining 10-sinf o‘quvchisi Shahnoza Qarshiboyeva 3-o‘rinni egallab, tuman xalq ta’limi bo‘limining diplom hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
***
Respublika Ma’aviyat va ma’rifat markazi Baxmal tumani bo‘linmasi tomonidan umumta’lim maktablari o‘quvchilari o‘rtasida “Zukko kitobxon” tanlovining tuman bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Tanlovda tumandagi 1-umumta’lim maktabi o‘quvchisi Bibioysha Abdurasulova birinchi o‘rinni egallab, viloyat bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.
Shuningdek, ushbu tanlovda 6-IDUM o‘quvchisi Zarina Hazratqulova ikkinchi va 52-umumta’lim maktabi o‘quvchisi Sojida Iskandarova uchinchi o‘rinni egalladi. G‘oliblar tashkilotchilarning diplom, maqtov yorlig‘i hamda qimmatbaho sovg‘alari bilan taqdirlandi.
***
Jizzax shahrida “Vatan taraqqiyotiga mening hissam” respublika tanlovining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Ushbu tanlov yurtimizda yuqori natijalarga erishayotgan iqtidorli yoshlarni aniqlash va ularni munosib rag‘batlantirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Tanlov ertamiz egalarini zamonaviy bilim va tajribalar, milliy va umumbashariy qadriyatlar asosida voyaga yetkazishda ko‘mak berishi shubhasiz.
Mazkur tanlovda Forish tumanidagi 1-umumta’lim maktabining 10-sinf o‘quvchisi Muhlisa Keldibekova 1-o‘rinni egallab, tanlovning respublika bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.
***
Forish tumanidagi 25 ta mahalla fuqarolar yig‘inlarida har bir oilaning turmush tarzi, ishsizlikni, aholi muammolarini o‘rganish, aholini tadbirkorlikka yo‘naltirish, kam ta’minlangan oilalarni qo‘llab-quvvatlash, tomorqadan foydalanish holatini uyma-uy yurish orqali o‘rganib chiqish maqsadida mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari, mutasaddi korxona, tashkilot, muassasalar rahbarlari, hokim yordamchilaridan iborat ishchi-guruhlari o‘z faoliyatini dastlab hududdagi “Oqtepa” MFYdan boshladi.
Forish tuman hokimi Ikrom Matiyev ishchi guruh a’zolarining vazifalarini bajarishini nazorat qilib, ular tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlar har kuni kechqurun tuman hokimligida muvofiqlashtirib borilishini ta’kidladi.
***
Zafarobod tumanining “Yorqin” SHFY hamda “Birlik” QFY hududlarining 20 mingdan ortiq aholisini anchadan buyon ichimlik suv muammosi qiynab kelayotgan edi. Bunga sabab Paxtakor tumanidan ushbu hududlarga 1967 yilda tortilgan magistral ichimlik suv tarmog‘i bugun o‘z yaroqlilik muddatini o‘tab bo‘lganligidir.
Ushbu muammoni hal etish to‘g‘risida 2022 yilgi Davlat dasturlariga kiritilgan taklifga asosan Zafarobod tuman hokimi “O‘zsuvta’minot” AJ va “Jizzax suv ta’minoti” MCHJ ma’sullari bilan ushbu hududda ichimlik suv tarmog‘ini kapital ta’mirlashni loyihalash va tarmoq yo‘nalishini belgilash bo‘yicha kelishib oldi.
***
Zarbdor tumani sektor rahbarlari “Nurafshon” MFYda “xonadonbay” yurib, aholi va yoshlar bilan uchrashib, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar to‘g‘risida, qabul qilingan qonun va qarorlari yetkazilib, ularning mazmun-mohiyati atroflicha tushuntirilmoqda.
Yoshlar bilan uchrashuvlar chog‘ida Prezidentimiz tomonidan ularga har jihatdan katta imkoniyatlar yaratilib berilayotgani, bu imkoniyatlardan to‘lig‘icha foydalanish lozimligi ta’kidlandi.
“Lider tadbirkorlar” faoliyatini yanada kengaytirib, yangi ish o‘rinlarini yaratish, tomorqadan unumli foydalanish, doimiy ish o‘rinlari yaratish, o‘zini o‘zi band qilish va kelajakda daromadlarini oshirish hamda muammolar bilan tanishib, ularni bartaraf etish bo‘yicha “Yoshlar ishlari agentligining mahalladagi vakillari” hamda mutasaddi tashkilotlar rahbarlariga aniq topshiriqlar, yoshlarga esa yo‘nalishlar berildi.
***
Zomin tumani 2-son kasb-hunar maktabida “Zo‘rovonlikka yo‘l yo‘q” mavzuida targ‘ibot tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda ishtirok etgan o‘qituvchi va o‘quvchi yoshlar hamda MFY raislarining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahatchilari – Zomin tuman hokimining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi Nigora Omonova hamda tuman hokimligi yoshlarni himoya qilish sho‘’basi mudiri Orif Joniqulovlarning aniq dalil va misollar bilan yo‘g‘rilgan “Zo‘rovonlikka yo‘l yo‘q” mavzusidagi ma’ruzalarini katta qiziqish bilan tingladi.
***
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 29 yilligi bayrami sharafiga Prezidentimizning joriy yil 11 martdagi “Ot sportini rivojlantirish to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida Sharof Rashidov tumani hokimligi hamda tuman turizm va sport bo‘limi tashabbusi bilan yosh chavondozlar o‘rtasida uloq-ko‘pkari bellashuvlari tashkil etildi.
Uloqni marraga halol tashlagan yosh polvonlar qo‘lga kiritgan solinlaridan tashqari, tashkilotchilar tomonidan diplom va esdalik sovg‘alari bilan ham taqdirlandi.
A.QAYUMOV, J.YORBEKOV (surat) O‘zA