Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Joriy 2021-2022 o‘quv yilida respublikamizdagi oliy ta’lim muassasalari bakalavriatining kunduzgi ta’lim shakli bo‘yicha qo‘shimcha davlat granti asosida yurtimizdagi ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlarning 2 ming 30 nafari talabalikka qabul qilingan.
Ularning orasida 86 nafar jizzaxlik xotin-qiz ham bor.
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi ma’lumotida qayd etilishicha, eng ko‘p 227 o‘rin Samarqand, 223 o‘rin Farg‘ona va 199 o‘rin Qashqadaryo viloyatlari talaba qizlariga nasib etgan.
***
Baxmal tumani hokimligi va xalq ta’limi bo‘limi tomonidan 1 oktyabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan tashkil etilgan ma’naviy-ma’rifiy va badiiy bayram tadbirida faxriy pedagoglar, umumiy o‘rta va o‘rta-maxsus ta’lim tizimida faol mehnat qilayotgan o‘qituvchi, murabiylar ishtirok etdi.

Unda Baxmal tumani hokimi Musa Anorboyev, barcha ishtirokchilarni kasb bayrami bilan qutlab, Prezidentimizning “O‘qituvchi va murabbiylar kuni” munosabati bilan yo‘llangan bayram tabrigini o‘qib eshittirdi.
To‘kin dasturxon atrofida, dilrabo kuy-qo‘shiqlar bilan davom etgan bayram tadbiri davomida ta’lim tizimida jonkuyarlik va alohida o‘rnak ko‘rsatib mehnat qilayotgan o‘qituvchi va murabbiylarga esdalik sovg‘alari topshirildi.
***
Yangiobod tumanida aholi turmush sharoitlarini yanada yaxshilash, ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmalarini rivojlantirish, hududga yangi va zamonaviy investitsiya loyihalarini jalb etish, tumanning eksport salohiyatini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Kuni kecha, tuman hokimi I.Qarshiboyev “Korea Uzbekistan Development Association” korxonasi rahbari janob Hyunki Park (Hyunki Park) bilan uchrashib, hududda energiya ishlab chiqaruvchi yangi quvvatlar barpo etish uchun zamonaviy texnologiyalardan foydalanish va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini keng joriy qilish masalalarini muhokama qildi.

Jumladan, “Havotog‘” qishloq fuqarolar yig‘ini hududida umumiy loyiha qiymati 150 million AQSH dollari, quvvati 100 MVt bo‘lgan quyosh elektrostansiyasi barpo etish, shuningdek, “Xo‘jamushkent” QFY hududidan loyiha qiymati 50 million AQSH dollarini tashkil etuvchi sement ishlab chiqarish korxonasi faoliyatini yo‘lga qo‘yish borasida dastlabki muzokaralarga erishildi.
***
Respublikamizda sement mahsuloti ishlab chiqarish hajmi bo‘yicha Jizzax viloyati uchinchi o‘rinda qayd etildi.

Mamlakatimizda joriy yilning yanvar-avgust oylarida yirik sanoat korxonalari tomonidan qariyb 8 million tonna sement ishlab chiqarilgan bo‘lib, bu o‘tgan yilning mos davri bilan solishtirganda 18,2 foizga ko‘p demakdir.
Davlat statistika qo‘mitasining Axborot xizmati xabariga ko‘ra, ishlab chiqarilgan mahsulotlarning jami hajmida Toshkent viloyati – 42,8 foiz bilan, Navoiy – 32,1, Jizzax – 13,3 va Farg‘ona viloyati – 8,2 foiz bilan yetakchilik qilmoqda.
***
Forish tumanida respublika Kadastr agentligi direktor o‘rinbosari Abdushukur Abdullayev aholi muammolarini o‘rganish va joyida yechim topish maqsadida sayyor qabul o‘tkazdi.
Qabulda aholining har bir murojaatlarini hal etish choralari izlandi.
Sayyor qabul jarayonida aholi tomonidan ko‘tarilgan 40 ta murojaatning 15 tasi joyida o‘z yechimini topdi. O‘rganish va muddat talab etadigan murojaatlar esa ijro uchun nazoratga olinib, ularni o‘z vaqtida, qonun doirasida ko‘rib chiqish va hal etish yuzasidan mutasaddi rahbarlarga aniq vazifalar yuklatildi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA