Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Arnasoy tumanidagi “Cho‘lquvar” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi 6 va 15-sonli umumta’lim maktablari o‘quvchilari uchun 2 tonnalik sig‘imga ega toza ichimlik suvi saqlash bochkasi qo‘yilib, suvni tortib beruvchi mator o‘rnatilmoqda.
Ushbu toza ichimlik suv uchun “Helkovo Agroxim Uzbekistan” Rossiya – O‘zbekiston qo‘shma korxonasi direktori Anvar Mirzayev shaxsiy mablag‘i hisobidan 27 million so‘m moliyaviy yordam ko‘rsatdi.

***
Baxmal tumanidagi “Oqtosh” qishloq fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan “Nurmuhammad Sultonbek” fermer xo‘jaligida joriy mavsum hisobiga 6 tonna sifatli va parhezbop tovuq go‘shti ishlab chiqarildi.
Ushbu fermer xo‘jaligi 10 ming dona broyler jo‘ja yetishtirishga mo‘ljallangan. Joriy yilning 1 iyuliga qadar 7 ming dona jo‘ja parvarishlangan bo‘lib, qariyib 6 tonna tovuq go‘shti ishlab chiqarilgan. Xo‘jalikda ayni paytda 10 ming dona broyler jo‘ja belgilangan barcha ratsion asosida parvarishlanmoqda.

***
Jizzax viloyati kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi kengashi tashabbusi bilan Do‘stlik tumani dalalarida paxta yig‘im-terimida ishtirok etayotgan “Terim otryadlari”da kasaba uyushmasi tashkiloti tuzildi.
Paxta yig‘im-terimiga kelgan terimchi va hasharchilarning shart-sharoitlari o‘rganilib, terim otryadlarida kasaba uyushmasi tashkilotini tuzish va otryad kasaba uyushmasi tashkilotchisini saylash masalasi muhokama qilindi. Viloyat kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi kengashining mutaxassislari terimchilarni ijtimoiy-iqtisodiy va huquqiy manfaatlarini himoya qilish hamda ularga munosib mehnat sharoitlarini yaratish borasida ma’lumot va tushunchalar berdi.
Terimchi va hasharchilar tomonidan “Terim otryadlari”da kasaba uyushmasi tashkiloti tuzildi.

***
2021-2022 o‘quv yilida Jizzax viloyatidagi Prezident maktabiga eng ko‘p o‘quvchisi kirgan maktablar ma’lum qilindi.
Jizzax viloyati 22-sonli IDUMning 14 nafar hamda Jizzax shahridagi VXTV tizimidagi “Umid” ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktab internatining 13 nafar o‘quvchisi Prezident maktabiga qabul qilingan.

***
Zarbdor tumanida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tashabbusi bilan “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlarning oilaviy ahvolini yaxshilashga qaratilgan tadbir bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi raisining o‘rinbosari Shuhrat Dehqonov boshchiligida tumandagi 4 ta sektor rahbari hamda sektor kotiblari va mas’ul tashkilotlar ishtirokida “Ayollar daftari” bo‘yicha olib borilgan ishlar o‘rganildi. Bu borada yanada samarali natijaga erishish bo‘yicha tavsiyalar berildi.
***
Zafarobod tumani hokimi N.Radjapov hamda tuman prokurori D.Boynazarov S.Raximov suv iste’molchilari hududida paxta yig‘im-termimiga qo‘shni viloyatlardan kelgan hasharchi terimchilari bilan uchrashib, yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi. Hasharchilarning savollarga batafsil javob berdi.
Tuman hokimi, tuman prokurori va "Jizzax Kenteks" paxtachilik klasteri rahbari ilg‘or terimchilarga hamda hududda paxta sotish shartnomaviy rejasini 100 foizdan oshirib bajargan 2 ta fermer xo‘jaligi rahbari va yig‘im-terimda faol ishtirok etayotgan hasharchilarga rag‘batlantiruvchi va esdalik sovg‘alari topshirdi.
Tuman madaniyat bo‘limining xushovoz xonandalari o‘zlarining sho‘x qo‘shiqlari bilan terimchilarga xush kayfiyat ulashdi.
***
Zomin tumanida yoshlarning saylov haqidagi bilimlarini oshirish uchun mamlakatimiz bo‘ylab o‘tkazilayotgan “Yosh saylovchi – 2021” forumi o‘tkazildi.
Tumandagi “Peshag‘or” qishloq fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan 20 ga yaqin qishloq yoshlarining 100 nafariga 50 sotixdan yer ajratilgan bo‘lib, yoshlar ajratilgan ushbu yer maydoniga makkajo‘xori ekib, 20 million so‘mdan ortiq daromat olish niyatida.
Barcha agrotexnik tadbirlar tajribali mutaxassislar tomonidan nazoratga olingan.
***
Mirzacho‘l tumani hududida joylashgan “n” harbiy qism xizmatchilari Gagarin shahridagi 7-maktabgacha ta’lim tashkilotida bo‘lib “Men ham harbiy bo‘laman” shiori ostida davra suhbati o‘tkazdi.
Ko‘tarinki ruh va xush kayfiyatda o‘tgan tadbir davomida bolajonlarga harbiy xizmatchilar tomonidan o‘quv qurollari va kitoblar to‘plamlari sovg‘a qilindi.
***
Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash Forish tumani bo‘limida Vazirlar Mahkamasining joriy yil 28 apreldagi “Moddiy yordam va ko‘makka muhtoj oilalarni, xotin-qizlarni va yoshlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida tumandagi sud raislari hamda majburiy ijro byurosi tuman bo‘limi tomonidan sayyor qabul tashkil etildi.
Tumanda 1 ming 50 nafar “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlarning 83 nafari huquqiy maslahatga muhtoj bo‘lgan ayollar tashkil etadi.
Sayyor qabulda ishtirok etgan xotin-qizlar uy-joyni rasmiylashtirish, meros masalasi, nikohni rasmiylashtirish, ajrim, aliment undirish kabi 10 dan ortiq huquqiy yo‘nalishlardagi savollariga javob oldi.
***
Sharof Rashidov tumanida har haftaning juma kuni – “O‘zbek tili kuni” etib belgilangan.
Shu munosabati bilan juma kuni tumanning barcha tashkilot, korxona va muassasalaridagi mehnat jamoalari sof o‘zbek adabiy tilda so‘zlashishga, ish yuritish hujjatlarining yangi qoliplarini o‘rganishga, lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida yozishga alohida e’tibor qaratildi.
***
Yangiobod tumani hokimi, 1-sektor rahbari Ibrohim Qarshiboyev Sovot qishloq fuqarolar yig‘inida aholi bilan sayyor qabul o‘tkazdi.
Tuman aholisining tibbiyot, ijtimoiy yordam, ichimlik suvi, yo‘llarni ta’mirlash kabi masalalar yuzasidan 20 ga yaqin murojaat va takliflari tinglandi. Ushbu murojaatlarning 6 tasi joyida hal etilib, qolgan murojaatlarning amaliy yechimi yuzasidan tegishli tashkilot va mas’ullarga topshiriqlar berilib, ijrosi tuman rahbari tomonidan nazoratga olindi.
Uchrashuv so‘ngida mahallaning faol va tashabbuskor fuqarolariga tuman hokimi tomonidan faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari topshirildi.
A.QAYUMOV, J.YORBEKOV (surat), O‘zA