Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Zafarobod tumani “Nurafshon” shaharcha fuqarolar yig‘ini hududida “Obod qishloq” va “Obod mahalla” davlat dasturlari doirasida 10 ta ko‘p qavatli uyning tom qismi to‘liq qayta ta’mirlanib, yangi shiferlar o‘rnatildi.
Uylarning tashqi ko‘rinishiga ham ishlov berilib, devorlari oqlab chiqildi. Ko‘p qavatli uylar hovlisidagi 1,5 kilometrdan ortiq yo‘laklar qayta qurildi.
“Nurafshon”dagi qolgan yana 8 ta uyning tom va tashqi qismida olib borilayotgan ta’mirlash ishlari mamlakatimiz mustaqilligining 30 yilligi tantanalariga qadar yakunlanishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, tumandagi “Uzun” qishloq fuqarolar yig‘inida joylashgan bir necha yillardan buyon aholini qiynab kelayotgan noteks va ta’mirtalab bo‘lib qolgan “Qo‘sh quduq” qabristoniga olib boruvchi yo‘l ta’miriga jami 216 million so‘mlik 1,6 kilometr masofaga qum-shag‘al yotqizilmoqda.
***
Joriy yilda bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga Do‘stlik tumanida ham puxta tayyorgarlik ko‘rilmoqda.
Tumandagi har bir saylov uchastkasidan uch nafardan, jami 54 nafar kompyuter operatori maxsus dasturda ishlash bo‘yicha o‘qitilmoqda.
O‘qish davomida ularga maxsus dasturdan tashqari joriy yilgi Prezident saylovi Saylov kodeksi asosida o‘tishi yuzasidan ham zarur saboqlar berilishi nazarda tutilgan.
***
Jizzax viloyati favqulodda vaziyatlar boshqarmasi tomonidan profilaktika tadbirlariga FVDT organlarining 903 nafar xodimi jalb etilgan bo‘lib, shahar va tumanlardagi 41 ta mahalla fuqarolar yig‘ini hamda 43 ta korxona, muassasa va tashkilotlarning favqulodda vaziyatlarga tayyorligi o‘rganiladi.
Aniqlangan kamchilik va muammolarning asosiy qismi joyida bartaraf etildi, hal etilishi vaqt va qo‘shimcha mablag‘ talab qilinadigan masalalar yuzasidan mutasaddi tashkilot rahbarlariga bildirishnomalar kiritildi va muammoni hal etish yuzasidan aniq muddatlar belgilandi.
***
Jizzax viloyatida joylashgan davlat va nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida ta’lim berish sifatini oshirish, tarbiyalanuvchilarning aqliy faoliyatini rivojlantirish maqsadida mental arifmetika to‘garaklari tashkil etish ishlari qizg‘in davom etmoqda.
Jumladan, Sharof Rashidov, Arnasoy, G‘allaorol, Zomin, Forish tumanlaridagi barcha maktabgacha ta’lim tashkilotlaridan bir nafardan pedagog mental arifmetika kurslariga o‘qitilib, ushbu MTTlarda aqliy arifmetika bo‘yicha to‘garaklar to‘liq yo‘lga qo‘yildi.
Shuningdek, joriy yil yakuniga qadar bunday MTTlarning soni ko‘paytirilib, boshqarma tomonidan mental arifmetika bo‘yicha MTT tarbiyalanuvchilari o‘rtasida viloyat birinchiligi o‘tkazilishi ham ko‘zda tutilgan.
***
Joriy yilning 12 avgust kuni O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Sharof Rashidov tuman kengashi tashabbusi bilan “YOZNI KAMALAK BILAN” loyihasi doirasida “Mahallalarda birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish” darslari tashkil etildi.
Loyiha doirasida tumandagi maktab yetakchilari va o‘quvchi yoshlariga TTB xodimi, CHQBT o‘qituvchisi barcha kerakli ko‘rsatmalarni berishdi va mavzu yuzasidan savollarga javoblar berdi.
Ushbu darslarda faol qatnashgan yoshlarga tuman kengashining sertifikatlari topshirildi.
***
Mamlakatimiz mustaqilligining 30 yilligi oldidan Arnasoy tumanida ham obodonlashtirish, qurilish va ta’mirlash ishlari izchillik bilan olib borilmoqda.
Jumladan, tumandagi G‘afur G‘ulom mahalla fuqarolar yig‘inidan “Oltin Vodiy” suv istemolchilari hududining dala maydonlariga o‘tadigan 2 ta ko‘prik “Obod qishloq” va “Obod mahalla” davlat dasturlari asosida zamonaviy va yuqori sifatda tamirlanib, aholi foydalanishi uchun yana bir qulaylik yaratib berildi.
Endi ushbu ko‘prikdan yengil va og‘ir yuk tashuvchi har qanday texnika bemalol kirib chiqish imkoniyatiga ega.
[gallery-3386]
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA