Jizzax viloyati hokimi “So‘nggi qo‘ng‘iroq”da
Jizzax viloyatining barcha umumta’lim maktablaridagi kabi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi tizimidagi Hamid Olimjon va Zulfiya nomidagi ijod maktabida ham “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Unda Jizzax viloyati hokimi E.Soliyev Prezidentimizning bitiruvchilarga yo‘llagan tabrigini o‘qib eshittirar ekan, ta’lim muassasasi iqtidorli yigit-qizlariga o‘qishda, ijodda va ular bugun qadam qo‘yayotgan mustaqil hayotda omad tilab, ushbu ijod maktabi o‘z faoliyatini boshlagandan buyon erishgan yutuqlari va uning viloyatda muhim o‘rin tutishini alohida ta’kidlab o‘tdi.

Ayni paytda, mazkur ijod maktabida 136 nafar o‘quvchi ta’lim-tarbiya olayotgan bo‘lsa, yakuniga yetgan joriy o‘quv yilida ularning 20 nafari 11-sinfni bitirib, oliy o‘quv yurtlarida o‘qishni davom ettirish uchun yo‘l oladi.
Ijod maktabidagi “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbiri davomida shu maktabning 10-sinf o‘quvchisi yosh shoira Visola Tursunovaning “Kapalakka maktub” nomli she’riy to‘plami taqdimoti ham o‘tkazildi.

2021-2022 o‘quv yilida faollik ko‘rsatgan, sohada yutuqlarga erishib maktab sha’nini munosib himoya qilgan pedagog, tarbiyachi xodimlar va o‘quvchi yoshlar viloyat hokimligi tomonidan taqdirlandi.

Ijod maktabining 11-sinf o‘quvchilari Sevinch Po‘latova “Yil a’lochisi”, Iroda Xolbekova “Yil ijodkori” an’anaviy maxsus statuetka va guvohnomasi sohibi bo‘ldi.
Kuy-qo‘shiqlar ijro etildi.

A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA