Jizzax sporti – qisqa satrlarda
Mo‘g‘uliston davlati poytaxti Ulan- Bator shahrida yoshlar o‘rtasida sportning kurash turi bo‘yicha o‘tkazilgan jahon chempionatida O‘zbekiston terma jamoasi tarkibida jizzaxlik polvonlar ham munosib ishtirok etib, yuqori natijalar bilan qaytdi.
G‘olib va sovrindorlar Jizzax viloyati sport ma’murlari va mutassadilari tomonidan munosib kutib olindi.
Nufuzli bellashuvda O‘zbekiston sharafini himoya qilgan jizzaxlik Zafar Tursunqulov 55 kilogrammlik polvonlar bahsida oltin medalni qo‘lga kiritdi. Behruz Ahammatov 42 kilogramm, Behruz Tilavov 50 kilogramm, Shahzoda Isoqboyeva 63 kilogramm, Saodat Qoraboyeva 48 kilogramm vazn toifalarida kumush medallar sohibi bo‘ldi.
[gallery-20840]
Sportchilarimizni Jizzaxda tantanali kutib olish jarayonida ushbu nufuzli bellashuvdagi muvaffaqiyatlari uchun ularga minnatdorchilik bildirilib, kelgusi faoliyatlariga omad tilandi.
***
O‘zbekiston Respublikasi davlat madhiyasi qabul qilinganligining 32 yilligiga bag‘ishlab sportning erkin kurash turi bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasida Zomin tumani ochiq birinchiligi o‘tkazildi.
Ushbu musobaqa voyaga yetmagan yoshlar qalbida vatanparvarlik hissini kuchaytirish, sportga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirish, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida Zomin tuman yoshlar ishlari bo‘limi hamda sport maktabi bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Ishtirokchilar 6 ta vazn toifasida g‘oliblik uchun bahs olib bordi. G‘olib bo‘lgan ishtirokchilar musobaqa tashkilotchilari tomonidan diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
***
Zarbdor tuman hokimi Zafar Ro‘ziyev hududdagi sport maktabi faoliyati, tarbiyalanuvchi va murabbiylarga yaratilgan sharoitlar, moddiy- texnika bazasi bilan yaqindan tanishdi. Hokim yoshlarning imkoniyatlari to‘g‘risida sport murabbiylari bilan suhbatlashib, zarbdorlik sportchi yoshlarning mashg‘ulot jarayonini kuzatdi.
***
Yangiobod tuman hokimligi, tuman mudofaa ishlari bo‘limi, “N” harbiy qismi, maktabgacha va maktab ta’limi, yoshlar ishlari hamda sport bo‘limlari hamkorligida umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 10-11-sinflarida tahsil olayotgan o‘quvchilar o‘rtasida okrug qo‘shinlari qo‘mondoni kubogi uchun “Yurt posbonlari” harbiy-sport musobaqasi o‘tkazildi.
Musobaqada jamoalar “Mohir mergan”, “Harbiy estafeta”, “Jabrlanuvchiga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish”, “Sahnalashtirilgan badiiy chiqish”, “Jadidlar bilimdoni”, “Beruniy shogirdi” kabi 6 ta shart bo‘yicha o‘zaro bahslashdi.
Musobaqada tumandagi 4-sonli umumta’lim maktabining “Vatanparvar” jamoasi g‘olib deb topilib, viloyat bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.
Musobaqa g‘oliblari va eng faol ishtirokchilarga diplom va esdalik sovg‘alari berildi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat),
O‘zA muxbirlari