“Jizzax” sanoat zonasi – yashil hududga aylanmoqda
Jizzax viloyati ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish boshqarmasi tashabbusi bilan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida “Zarbdor 40 kunlik” davomida sanoat korxonalari tomonidan amalga oshirilayotgan ishlarni o‘rganish maqsadida press-tur tashkil etildi.
Ota-bobolarimiz azal azaldan ko‘chat ekib, bog‘ barpo etadi, atrof-muhitni toza-ozoda saqlashga katta e’tibor qaratadi. Chunki bu xalqimizning asrlar sinovidan o‘tgan milliy qadriyatlaridan eng muhimidir.
Bugun ana shu ezgu an’ana davom etib, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan umummilliy harakatga aylandi.
Prezidentimiz raisligida joriy yilning 11 oktyabr kuni mahallalarni obod qilish va “Yashil makon” umummilliy loyihasiga bag‘ishlangan videoselektor tarzidagi yig‘ilishda bu boradagi amalga oshirilgan ishlar va kelgusidagi vazifalarga alohida to‘xtalib o‘tgan edi.
“Yashil makon” doirasida yil yakuniga qadar 75 million dona, 2023 yil bahor faslida yana 125 million dona mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari ekish vazifasi qo‘yildi. O‘tgan yili boshlangan ushbu “Yashil makon” umummilliy loyihasi Jizzax viloyatida ham joriy yilning kuz mavsumida “Dolzarb 40 kunlik” tadbiri asosida davom ettirilmoqda.
Prezidentimizning 2021 yil 31 dekabrdagi “Respublikada ko‘kalamzorlashtirish ishlarini jadallashtirish, daraxtlar muhofazasini yanada samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni doirasida “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirish maqsadida viloyatda 35,4 gektar maydonda “Yashil bog‘lar” va 81,3 gektar maydonda “Yashil jamoat parklari” barpo etilishi rejalashtirilganini va bugungi kunda viloyatda ushbu bog‘larni tashkil etish bo‘yicha shahar va tuman hokimlarining tegishli qarorlari ishlab chiqilib, qurilish-bunyodkorlik ishlari allaqachon boshlab yuborilganini shu o‘rinda alohida ta’kidlab o‘tish joiz.

E’tiborlisi, viloyatda kuzgi ko‘chat ekish ishlari mahallabay tizimi “Yangi O‘zbekistonda – el aziz, inson aziz!” shiori asosida olib borilayotganini ham aytish joiz.
Viloyatda joriy yil kuzgi mavsumi uchun manzarali va mevali daraxt hamda buta ko‘chatlarini ekish bo‘yicha manzilli dastur ishlab chiqilgan. “Yashil makon” loyihasi doirasida joriy yilning kuz mavsumida e’lon qilingan “Zarbdor 40 kunlik”da viloyatdagi avtomobil yo‘llari yoqasiga 194 ming 65 tup, qishloq xo‘jaligi yerlariga ihota sifatida 826 ming 321, fermer xo‘jaliklari ekin maydonlarining chetlariga 1 million 895 ming 74 tup manzarali va mevali daraxt va buta ko‘chatlarini ekish rejasi salkam 75 foizga bajarildi.
Bundan tashqari, viloyatda olib borilayotgan “Dolzarb 40 kunlik” ko‘chat ekish ishlarida sanoat korxonalari, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish korxonalari ham faol ishtirok etmoqda. Viloyatdagi barcha shahar va tumanlardagi ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish korxonalari hududlarida 1 million 245 ming dona ko‘chat ekish rejasi belgilangan bo‘lib, ushbu rejaga asosan 550 ming 800 dona manzarali, mevali daraxt va buta ko‘chatlari ekildi yoki bu boradagi reja 45 foizga bajarilgan.
Boshqarmaning shahar, tuman ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘limlari tomonidan “Yashil makon eko” elektron platformasiga 9 million 970 ming dona ko‘chat kiritildi va ularni sug‘orish tizimi, parvarish qilinishi va ularga biriktirilgan mas’ullar to‘g‘risidagi ma’lumotlar bazasi shakllantirildi. Sug‘orish tizimi mavjud bo‘lmagan hududlarda ko‘chatlarni sug‘orish tizimini barpo qilish bo‘yicha olib borilgan amaliy ishlar natijasida jami 636 mingdan ortiq ko‘chatning sug‘orish tizimi joriy etildi.
Tadbir ishtirokchilari viloyat ekologiya va atrof muhit muhofazasi boshqarmasida tashkil etilgan “Yashil makon eko” elektron platformasida amalga oshirilgan ishlar bilan tanishtirilgach, Jizzax shahridagi “Bunyodkor” MFY hududida joylashgan sanoat korxonalari vakillari tomonidan barpo etilgan “Yashil hududlar”da bo‘lib, bu yerda amalga oshirilgan ishlar bilan tanishdi.
Mazkur umummilliy loyihasi doirasida “A” sanoat hududidagi korxonalar tomonidan keng ko‘lamli obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari olib borilib, ushbu sanoat hududi tom ma’nodagi yashil maydonlarga aylanib borayotgani tahsinga loyiq. Ushbu hududda ko‘chat ekish ishlari amalga oshirilib, bu yerda barpo etilgan sanoat korxonalari tomonidan 8,3 gektar maydonga 5 ming tupga yaqin daraxt ko‘chatlari ekildi va “Yashil hudud”lar yanada kengaytirildi.
Press-tur davomida bu borada “Jizzax Kenteks” MCHJ hududida amalga oshirilgan ishlarni o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rib, obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish borasida ish yuqori darajada amalga oshirilganiga guvoh bo‘ldik.

Jizzax erkin “A” sanoat hududidagi “Jizzax Kenteks” MCHJ ip yigiruv fabrikasining umumiy loyiha qiymati 21 million 800 ming Yevroni tashkil etib, ushbu korxonada paxta tolasi qayta ishlanadi.
Shveysariya, Yaponiya va Turkiyadan keltirilgan zamonaviy dastgohlar yordamida bir kecha kunduzda 30 tonna, yiliga 10 ming 500 tonna ip kalava tayyorlanmoqda. Yarim tayyor, tayyor va qayta ishlangan mahsulotlar 100 foiz xorijga eksport qilinmoqda. Korxonada ayni paytda 900 nafardan ortiq yoshlar mehnat qilmoqda.
MCHJ a’zolari tomonidan joriy yilning kuz mavsumida 1,2 gektar maydonga 1 ming 726 tup manzarali daraxt va buta ko‘chatlari ekildi. Manzarali keng yaproqli daraxt ko‘chatlari asosan “A” sanoat hududidagi avtomobil yo‘li yoqasiga ekilgan. Ko‘chatlarni yerga qadash bilan birgalikda, korxona tomonidan ularning parvarishiga ham alohida e’tibor qaratilganini alohida ta’kidlash lozim. Ko‘chatlarning barchasi sug‘orish tizimi bilan ta’minlangani esa tahsinga loyiq.
Bundan tashqari, “Jizzax Kenteks” MCHJga qarashli Zafarobod tumanidagi qishloq xo‘jaligi agroklasteri, paxta qabul qilish korxonasi va ushbu korxona biqinida qad rostlagan chigitni qayta ishlab, undan yog‘ olinadigan korxona faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Ushbu korxonada bir kecha kunduzda 100 tonna, yiliga 20 ming tonna xom ashyo qayta ishlanmoqda. Chigitni qayta ishlash korxonasida 110 nafar zafarobodlik yoshlarning bandligi ta’minlangan.
Paxta va g‘alla ekinlaridan tashqari, klaster hisobida 100 gektar maydonda pomidor, bodring, bulg‘or qalampiri va boshqa qishloq xo‘jaligi ekinlarini tabiiy va issiqxona sharoitida yetishtirish ishlari ham “Jizzax Kenteks” agroklasteri jamoasi a’zolari tomonidan yetishtirilib, elimiz dasturxoniga tortiq etilayotir.
Quvonarlisi, “Jizzax Kenteks” MCHJ a’zolari ushbu hududa ham “Yashil makon” umummilliy loyihasini izchillik bilan amalga oshirmoqda.
Jizzax viloyatida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasidagi “Zarbdor 40 kunlik” kuzgi ko‘chat ekish tadbirlari avjida.
A.QAYUMOV, J.YORBEKOV (surat), O‘zA