Jizzax qovunlari Yevropaga eksport qilinmoqda
Mirzacho‘l qovunlari azaldan o‘z dovrug‘iga ega. Dehqon va fermerlar qovun yetishtirish ishlarini rivojlantirish yo‘lida astoydil mehnat qilib, qovunlarning yangi navlarini yaratib, mahsulotdan mo‘l hosil olmoqda.
Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumani hududida joylashgan “BMB-NRC Agrologistics” majmuasi zaminimizda, xususan, “BMB Agro”ning Arnasoy dalalarida yetishtirilgan meva-sabzavot va poliz mahsulotlarini xorijga eksport qilishda ko‘makchi bo‘layotganini ham alohida ta’kidlab o‘tish lozim.

Mirzacho‘l cho‘llari hududidagi Arnasoy tumani bobo dehqonlari yetishtirgan qovunlar xalqaro eksport talablariga muvofiq agrologistika majmuasida +5 darajali haroratda saqlanib, tegishli tartibda saralanib, qadoqlanmoqda hamda barcha bojxonaga oid hujjatlar majmuaning o‘zida rasmiylashtirilib, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijga eksport qilinadi.

“BMB-NRC Agrologistics” majmuasida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining Yevropaga eksporti muntazamlik kasb etayotgani barchasidan quvonarli.
Yaqindagina Arnasoy dalalarida yetilib pishgan betakror shirali qovunlarning navbatdagi partiyasi, aynan “BMB-NRC Agrologistics” majmuasi orqali Latviya davlatiga eksport qilindi.


A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA.