Jizzax qish mavsumiga qay darajada tayyor?
Bugun qishning birinchi kuni. Xo‘sh, qish mavsumini betalofat o‘tkazish borasida Jizzax viloyatida qanday ishlar amalga oshirildi? Izg‘irinli, ayozli kunlarga tarmoq xodimlari qanchalik tayyorgarlik ko‘rdi?
Shu va shunga o‘xshash savollarimizga javob topish maqsadila dastlab “Hududgaz Jizzax” gaz ta’minoti filialida bo‘lib, bu yerda mavsumiga tayyorgarlik doirasida amalga oshirilgan ishlar bilan qiziqdik.
– Mavsumga tayyorgarlik ko‘rish doirasida ishlab chiqilgan chora-tadbirlarga muvofiq 14,4 kilometr gaz tarmoqlari ta’mirlanib, viloyat bo‘yicha 28,8 kilometr yangi gaz tarmoqlari tortildi, – deydi filial rahbari Baxtiyor Obro‘yev biz bilan suhbatda. – 30 ta gaz taqsimlash punkti mukammal ta’mirlanib, 4414 tasi texnik taftishdan o‘tkazildi. 242,5 kilometr yer osti gaz quvurlarining holati tekshirildi va 221 kilometr qismi tartibga keltirildi.
2024 yilda 75 ming 300 xonadonga 35 ming 600 dona gaz bosim rostlagichi (regulyator) o‘rnatdik. Hududlarda 1198 ta gaz taqsimlash punkti demontaj qilindi hamda texnologik yo‘qotishlar 359,4 ming kub metrga qisqartirildi. Yuqoridagi tadbirlar to‘liq bajarilishi natijasida kuz-qish mavsumida 34 mingdan ortiq aholi xonadonining gaz ta’minoti yaxshilanishiga erishildi.
Bundan tashqari, Jizzax shahri va 12 tumandagi 26 ta mahalla fuqarolar yig‘inining gaz ta’minotini yaxshilash maqsadida qo‘shimcha ravishda 28,8 kilometr gaz quvurlari mukammal ta’mirlanib, rekonstruksiya qilindi.
Tungi navbatchilikda 14 ta brigada maxsus avtotransport va himoya vositalari bilan to‘liq ta’minlangan.
Viloyatdagi mavjud 5 ming 900 kilometr gaz tarmoqlari mavsumiga to‘liq tayyor hamda gazni iste’molchilarga o‘z vaqtida, yetarli bosimda va hajmda yetkazib berish bo‘yicha strategik harakatlar belgilab olindi. Iste’molchilar uchun qo‘shimcha qulaylik yaratish maqsadida 24/7 ish rejimda “Call-markaz” faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Ko‘rinib turibdiki, gazga bo‘lgan talab va ehtiyojdan kelib chiqib, qish mavsumida iste’molchilarni tabiiy va suyultirilgan gaz bilan barqaror ta’minlash bo‘yicha har tomonlama va puxta tayyorgarlik ko‘rilgan.
Shuningdek, viloyat hokimining tashabbusi bilan kuz-qish mavsumini betalofat o‘tkazish maqsadida viloyat, shahar va tumanlar shtablari tashkil qilinganini ham ta’kidlab o‘tish joiz. Ayni paytda shtab 24 soat ish rejimida ishlamoqda.
Xizmat safarimizning navbatdagi manzili viloyatda iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha ob’ektlari va ko‘p kvartirali uy-joy fondini 2024-2025 yillar kuz-qish mavsumiga tayyorlash ishlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha viloyat shtabi joylashgan viloyat qurilish va uy-joy kommunal xo‘jalik bosh boshqarmasi binosiga bo‘ldi.
Bu yerda joriy yilning sentyabr oyidan beri viloyatdagi 24 ta mutasaddi korxona va tashkilotning mutaxassislaridan tarkib topgan shtab kunu tun aholi murojaatlari bilan ishlayotganiniga guvoh bo‘ldik.
Har bir fuqaroning elektr, tabiiy gaz, ichimlik va oqova suv, isitish tizimlariga doir murojaatlari qabul qilinib, hududlar bo‘yicha choralar ko‘rish uchun yo‘naltirilmoqda.
Bu yilgi e’tiborimizni tortgan yangiliklardan biri – barcha shahar va tumanlarda tashkil etilgan shtablar bilan viloyat shtabi o‘rtasida onlayn aloqa o‘rnatilganligi bo‘ldi. Bu esa tegishli muammolarni tezkorlik va xolislik bilan hal etish imkoniyatini yaratadi.
O‘rganish jarayonida Jizzax shahridagi “Ittifoq” MFYda yangidan barpo etilgan qozonxona faoliyati ham e’tiborimizdan chetta qolmadi.
– Ushbu RK-8-sonli qozonxonada “KVA-1500” rusumli 6 ta qozon o‘rnatilgan bo‘lib, zamonaviy, tejamkor texnologiyalar bois endilikda tabiiy gaz sarfi soatiga 280 metr kubni tashkil etmoqda va bu orqali soatiga 820 metr kub tabiiy gaz iqtisod qilinmoqda, – deydi viloyat qurilish va kommunal xo‘jalik bosh boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari Mirzasulton Bobobekov. – Mavjud RK-1 sonli qozonxonada ilgari nasoslar soatiga 250 kVt elektr energiyasini sarflagan bo‘lsa, yangi qozonxonaga o‘rnatilgan nasoslar soatiga 22 kVt elektr energiyasi sarflamoqda. Bu soatiga 228 kVt energiya tejalmoqda deganidir. Issiqlik ta’minotida ilg‘or, tejamkor sanalgan Italiya, Rossiyadan keltirilgan innovatsion texnologiya sababli bir oyda 1,1 million metr kub tabiiy gaz tejab qolinadi.
[gallery-20629]
Qozonxonaga jami 12 MVtlik 4 ta qozon hamda foydali ish koeffitsenti yuqori bo‘lgan zamonaviy energiya tejovchi gorelkalar o‘rnatilgan. Eskirgan tarmoq Rossiya Federatsiyasidan keltirilgan 5,1 kilometr zamonaviy, issiqlik izolyatsiyasi yuqori bo‘lgan quvurlarga almashtirildi.
Muxtasar qilib aytganda, Jizzax viloyatida mavsumga tayyorgarlik ishlari qoniqarli darajada deyish mumkin. Lekin bu ishlar sifat jihatdan qanchalik mukammal bajarilganini esa ertangi qorli-ayozli kunlar ko‘rsatadi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat),
O‘zA muxbirlari