Jizzax politexnika instituti — “Yashil oliygoh” g‘olibi
Prezident topshiriqlari amalda (rukn)
Jizzax politexnika instituti respublika oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida o‘tkazilgan “Yashil oliygoh” tanlovida g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Ekologik barqarorlikni ta’minlash, “yashil” texnologiyalarni keng joriy etish va atrof-muhit muhofazasiga qaratilgan mazkur tanlovda qo‘lga kiritilgan bu natija oliygoh jamoasining izchil sa’y-harakatlari, ekologik madaniyatni yuksaltirish borasidagi tizimli ishlari hamda ilmiy-amaliy tashabbuslarining yorqin samarasidir.

Samarqand davlat arxitektura-qurilish universitetida bo‘lib o‘tgan tantanali tadbirda tanlov g‘olibi sifatida Jizzax politexnika instituti jamoasiga Prezident sovg‘asi — zamonaviy “BYD Chazor” rusumidagi elektromobil topshirildi. Bu e’tirof nafaqat bir oliygoh yutug‘i, balki mamlakatimizda ta’lim, ilm-fan va ekologiya uyg‘unligiga berilayotgan yuksak e’tiborning amaliy ifodasi sifatida baholanmoqda.

Aslida bu muvaffaqiyat tasodifiy emas. 2025-yil 2-dekabr kuni davlatimiz rahbari Jizzax viloyatiga tashrifi davomida Jizzax politexnika institutida bo‘lib, oliy ta’lim muassasalarida ekologik barqarorlikni ta’minlash, “yashil” infratuzilmani kengaytirish, zamonaviy energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha bir qator muhim topshiriqlar bergan edi. Institut jamoasi mazkur vazifalarni amaliy dasturga aylantirib, ularni hayotga izchil tatbiq etdi. Natijada oliygoh nafaqat ta’lim va ilmiy izlanishlar markazi, balki “yashil” taraqqiyot namunasiga aylanmoqda.

Bugun institut hududidagi 24 gektar maydonning 21 gektari haqiqiy yashil makonga aylantirilgan. Bu yerda 22 ming tupdan ortiq mevali va manzarali daraxtlar parvarish qilinmoqda. Tomchilatib sug‘orish tizimi joriy etilgani suv resurslaridan oqilona va samarali foydalanish imkonini bermoqda.
Shu bilan birga, oliygohda quvvati 650 kilovatt bo‘lgan quyosh panellari o‘rnatilib, qayta tiklanuvchi energiya manbalari ishga solingan. Natijada o‘tgan yilning o‘zidayoq elektr energiyasi iste’moli 67 foizga qisqartirildi. Bu ko‘rsatkichlar ekologik barqarorlikni ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar amaliy samara berayotganini yaqqol namoyon etadi.

Mazkur yutuq munosabati bilan institut rektori, professor Alisher Usmonqulov jamoa a’zolari — prorektorlar, fakultet dekanlari va bo‘lim boshliqlari bilan uchrashib, ularni erishilgan muhim natija bilan samimiy tabrikladi. Uchrashuvda bu muvaffaqiyat, avvalo, jamoaning fidokorona mehnati, talaba-yoshlar o‘rtasida ekologik madaniyatni shakllantirishga qaratilgan izchil ishlar samarasi ekani alohida ta’kidlandi.
— Prezident sovg‘asi — katta e’tirof. Ayni paytda u jamoamiz zimmasiga yanada ulkan mas’uliyat yuklaydi, — deydi Jizzax politexnika instituti rektori, professor Alisher Usmonqulov. — Davlatimiz rahbarining institutimizga tashrifi davomida berilgan topshiriqlar biz uchun dasturilamal bo‘ldi. Bugun erishilgan natijalar ana shu ishonch va e’tiborga munosib javob bo‘lish yo‘lidagi sa’y-harakatlarimizning ilk samarasidir. Kelgusida ham “yashil” texnologiyalar, innovatsion loyihalar va zamonaviy ta’limni uyg‘unlashtirib, barqaror taraqqiyot yo‘lida yangi marralarni zabt etamiz.
Darhaqiqat, Jizzax politexnika institutida shakllanayotgan “yashil” muhit bugungi talaba-yoshlarning ekologik tafakkurini boyitib, ularni tabiatga mas’uliyat bilan munosabatda bo‘lishga chorlamoqda. Bu esa mamlakatimizda barqaror taraqqiyot tamoyillari keng qaror topayotganining yorqin dalilidir.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/poZmJe5yC9I" title="Jizzax politexnika instituti — “Yashil oliygoh” g‘olibi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Abdujalol Qayumov (video, surat), O‘zA muxbiri