Jizzax–Dushanbe: ta’limda yangi hamkorlik
Tojikiston Respublikasining Dushanbe shahrida O‘zbekiston va Tojikiston oliy ta’lim muassasalari rektorlarining III forumi bo‘lib o‘tdi. Ilm-fan, ta’lim va innovatsiyalar sohasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan ushbu nufuzli anjuman ikki mamlakat oliy ta’lim jamoatchiligi uchun muhim muloqot maydoniga aylandi.
Sadriddin Ayniy nomidagi Tojikiston davlat pedagogika universitetida tashkil etilgan forumda O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Tojikiston Respublikasi Ta’lim va fan vazirligi rahbarlari, ikki davlatning yetakchi oliy ta’lim muassasalari rektorlari, olimlar va ekspertlar ishtirok etishdi. Tadbirda zamonaviy ta’lim tizimini takomillashtirish, qo‘shma ilmiy izlanishlarni kengaytirish, innovatsion g‘oya va ishlanmalarni amaliyotga joriy etish masalalari muhokama qilindi.

Forum doirasida qator ikki tomonlama kelishuvlar imzolanib, ta’lim sohasidagi hamkorlikning yangi sahifalari ochildi. Jumladan, Jizzax politexnika instituti va Tojikiston energetika instituti o‘rtasida o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolandi. Mazkur hujjat ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasida ta’lim, ilm-fan va innovatsiyalar yo‘nalishidagi aloqalarni mustahkamlashga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.

Memorandumga muvofiq, qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish, ilmiy-tadqiqot loyihalarini amalga oshirish, professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvini tashkil etish, energetika va muhandislik sohalarida ilg‘or tajribalarni o‘zaro o‘rganish ko‘zda tutilgan. Bu esa, o‘z navbatida ikki mamlakat oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi ilmiy hamkorlikni yanada chuqurlashtirish, malakali mutaxassislar tayyorlash sifatini oshirishga xizmat qiladi.

Ta’kidlash joizki, keyingi yillarda O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar barcha sohalar qatorida ta’lim va ilm-fan yo‘nalishida ham izchil rivojlanmoqda. Bunday tashabbuslar ikki xalqni yanada yaqinlashtirish, intellektual salohiyatni birlashtirish hamda mintaqada barqaror taraqqiyotni ta’minlashga xizmat qilayotgani bilan ahamiyatlidir.

Forum doirasida ishtirokchilar uchun Tojikiston milliy hunarmandchiligi namunalari ko‘rgazmasi ham tashkil etildi. Unda tojik xalqining an’anaviy kashtachilik san’ati, milliy matolar, qo‘l mehnati bilan tayyorlangan bezak buyumlari va amaliy san’at namunalari namoyish etildi. Rang-barang naqshlar va milliy uslubdagi bezaklar mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otib, tadbirga o‘ziga xos madaniy ruh bag‘ishladi. Ko‘rgazma orqali ishtirokchilar ikki xalqning boy madaniy merosi va hunarmandchilik an’analari bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
Abdujalol Qayumov, O‘zA