Jinoyatchilikka qarshi kurashish, mahsulotlar xavfsizligi va bozor nazoratiga oid huquqiy asoslar kuchaytirilmoqda
Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotiga daxldor bir qator qonun loyihalari ko‘rib chiqildi. Jumladan, dastlab uyushgan jinoyatchilik va jamoat tartibiga qarshi jinoyatlar uchun javobgarlikni kuchaytirishga qaratilgan qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda muhokama qilindi.
Loyiha bilan Jinoyat kodeksiga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarga ko‘ra, jinoiy uyushma faoliyatini moliyalashtirganlik uchun alohida javobgarlik belgilanmoqda. Bunday shaxslarga nisbatan jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilishni qo‘llamaslik nazarda tutilmoqda.

Bunga sabab jinoyat sodir etish maqsadida jinoiy uyushmalarni tashkil etish va moliyalashtirish holatlari ko‘paymoqda. Amaldagi qonunchilikda esa bunday uyushmalarni moliyalashtirganlik uchun alohida javobgarlik belgilanmagan.
Shuningdek, amaldagi qonunchilikda jinoiy uyushma tashkil etish yoki unga rahbarlik qilish uchun javobgarlik mavjud bo‘lsa-da, mansab vakolatlarini suiiste’mol qilgan holda jinoiy uyushmalarga homiylik qilganlik uchun javobgarlik nazarda tutilmagan edi. Qonun loyihasi bilan mansab vakolatlarini suiiste’mol qilgan holda jinoiy uyushmalarga homiylik qilganlik uchun ham javobgarlik belgilanmoqda.

Majlisda ta’kidlanganidek, amalda uyushgan guruhlar tomonidan sodir etilgan bezorilik uchun ko‘p hollarda yengil jazo tayinlanmoqda. Shu sababli qonun loyihasida bezorilik jinoyati uchun jazo choralari ham kuchaytirilmoqda.
Bundan tashqari, jangovar sport turlari bo‘yicha sport musobaqalarini qonunga xilof ravishda tashkil etish yoki o‘tkazish jinoiy javobgarlikka sabab bo‘lishi, unda bevosita ishtirok etganlar esa ma’muriy javobgarlikka tortilishi belgilanmoqda. Bu jangovar sport turlari sohasidagi huquqbuzarliklarning oldini olishga xizmat qiladi.
Qizg‘in munozaralardan so‘ng qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi va Senatga yuborildi.
***
Majlisda “Mahsulotlarning umumiy xavfsizligi to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda moddama-modda muhokama qilindi.
Qayd etilganidek, qonun loyihasi bilan nooziq-ovqat mahsulotlari uchun umumiy xavfsizlik qoidalari belgilanmoqda. Endi bozorda yangi tovarlar, ishlatilgan yoki ta’mirlangan mahsulotlar, internet orqali sotilayotgan tovarlarni ham yetkazib beruvchilari ularning xavfsizligini kafolatlagan holda sotuvga chiqarishi lozim bo‘ladi.

Shuningdek, loyihada Jahon savdo tashkilotining Savdodagi texnik to‘siqlar bo‘yicha bitimi talablari inobatga olingan. Xususan, texnik reglamentlar xalqaro savdoda ortiqcha to‘siqlar yaratmasligi, mahsulotlar uchun teng shart-sharoitlar ta’minlanishi hamda iste’molchilarni chalg‘ituvchi holatlarning oldini olish tamoyillari mustahkamlangan.
Hujjat loyihasiga ko‘ra, mahsulotni yetkazib berishda ishtirok etuvchi barcha tadbirkorlik sub’ektlari, ya’ni ishlab chiqaruvchi, import qiluvchi, sotuvchi, elektron tijorat operatorlari o‘z faoliyati doirasida mahsulot xavfsizligi uchun javobgar bo‘lishi belgilab qo‘yilmoqda. Agar qoidalar buzilsa, mahsulot sotuvdan chiqariladi, jarima qo‘llaniladi.

Muhokamalarda deputatlar qonun loyihasidagi normalar bozorda adolatli raqobatni ta’minlash, sifatsiz mahsulotlarning kamayishi, iste’molchilarning huquqlari himoya qilinishi va aholi salomatligini saqlashga xizmat qilishini ta’kidladi. Qonun loyihasi qabul qilindi va Senatga yuborildi.
***
Shuningdek, majlisda “Bozor nazorati to‘g‘risida”gi, “O‘zbekiston Respublikasining Iqtisodiy protsessual kodeksiga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihalari ko‘rib chiqilib, tegishli qarorlar qabul qilindi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA