Jenevada Better Cotton bilan hamkorlik memorandumi imzolandi
Shveysariyaning Jeneva shahrida Texnik jihatdan tartibga solish agentligi hamda Xalqaro Better Cotton (BCI) tashkiloti o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Hujjat barqaror paxtachilikni rivojlantirish, xalqaro standartlarni keng joriy etish, mahalliy ishlab chiqaruvchilarning raqobatbardoshligini oshirish hamda O‘zbekiston paxta-to‘qimachilik mahsulotlarining jahon bozorlaridagi eksport salohiyatini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Shveysariyaning Jeneva shahrida Texnik jihatdan tartibga solish agentligi direktori Akmal Jumanazarov hamda Xalqaro Better Cotton (BCI) tashkiloti bosh direktori Nik Uezerill o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Muloqot chog‘ida tomonlar O‘zbekistonda paxta-to‘qimachilik sohasini barqaror rivojlantirish, tarmoqqa xalqaro ijtimoiy va ekologik standartlarni keng joriy etish, paxta-to‘qimachilik klasterlari bilan hamkorlikni mustahkamlash, shuningdek, atrof-muhitga ehtiyotkor munosabatga asoslangan ishlab chiqarish tamoyillarini keng tatbiq etish masalalarini muhokama qildi.
Uchrashuvda paxta xomashyosini yetishtirishdan tortib, tayyor to‘qimachilik mahsulotini ishlab chiqarishgacha bo‘lgan butun qiymat zanjirini xalqaro talablar asosida takomillashtirish, mahsulot sifati va raqobatbardoshligini oshirish yuzasidan fikr almashildi.
Shuningdek, O‘zbekiston paxta va to‘qimachilik mahsulotlarining eksport salohiyatini yanada yuksaltirish, tashqi bozorlarga chiqish imkoniyatlarini kengaytirish, savdodagi texnik to‘siqlarni bartaraf etishda xalqaro standartlar hamda muvofiqlikni baholash mexanizmlarining ahamiyati alohida ta’kidlandi.
Muzokaralar yakunida Texnik jihatdan tartibga solish agentligi va Better Cotton (BCI) o‘rtasida Hamkorlik memorandumi imzolandi.

Mazkur memorandum barqaror paxtachilik sohasida xalqaro hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, ilg‘or xorijiy tajribalarni mamlakatimizda keng joriy etish, sohaning texnik va institutsional salohiyatini oshirish, mahalliy ishlab chiqaruvchilarning jahon bozoridagi raqobatbardoshligini kuchaytirish hamda O‘zbekiston paxta-to‘qimachilik mahsulotlarining xalqaro bozorlardagi nufuzini yanada mustahkamlashga xizmat qilishi kutilmoqda.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA