JCh-2026 sensatsiyalari: Guruh bosqichidayoq turnirni tark etishi mumkin bo‘lgan 7 ta grand jamoa
2010-yilda Italiya. 2014-yilda Ispaniya. 2018-yilda Germaniya. Tarix grand jamoalarning hali pley-offga chiqmasidanoq shok holatida turnirni tark etganiga ko‘p guvoh bo‘lgan. Biroq 2026-yilda, jahon chempionati ishtirokchilari soni 48 tagacha kengaytirilgan bir paytda, bunday holatni takrorlash qiyinroq kechadi: endi «o‘lim guruhi» yo‘q, saralangan jamoalar esa guruhlar bo‘ylab teng taqsimlangan.
Shunga qaramay, futbol — kutilmagan voqealarga boy o‘yin. Hatto bunday «yumshoq» formatda ham kimdir muvaffaqiyatsizlikka uchrashi mumkin. Quyida turnirni guruh bosqichidayoq tark etishi mumkin bo'lgan 7 ta nomzod terma jamoa bilan tanishing:
7. Germaniya

Ishonish qiyin, ammo nemislar 2014-yilgi turnirda g‘olib chiqqanlaridan beri jahon chempionatlarining pley-off bosqichida o‘ynashmadi. Biroq, 2026-yilda nemislarda o‘ziga xos «sug‘urta» bor — autsayder Kyurasao bilan o‘yin. U yerda ular deyarli aniq uch ochko jamg‘arib, yirik hisobni ta’minlashlari mumkin. Bu ularni o‘tmishdagi omadsizliklar takrorlanishidan asrashi kerak. Ammo, hatto uch ochko ham eng yaxshi natijaga ega uchinchi o‘rinlar reytingi orqali pley-offga chiqishni kafolatlamaydi. Jamoa hozirda barqaror emasligini hisobga olsa, Ekvador yoki Kot-d'Ivuardan uchraladigan mag‘lubiyatlar ham ehtimoldan xoli emas.
6. Braziliya
Tarixdagi barcha jahon chempionatlarida qatnashgan yagona terma jamoa. 1966-yildan beri ular biror marta ham guruh bosqichidayoq turnirni tark etishmagan. O‘shanda, Angliya maydonlarida «Selesao» Portugaliya va Vengriyani oldinga o‘tkazib yuborib, guruhda uchinchi o‘rinni egallagan edi. 2026-yildagi muvaffaqiyatsizlik, ayniqsa kengaytirilgan format va qulay qur’ani hisobga olsa, katta shok bo‘ladi. Karlo Anchelotti qo‘l ostida ishlar yaxshilandi, biroq jamoa yillardan beri o‘z formasida emas: so‘nggi Kopa Amerikadagi muvaffaqiyatsizlik va Fransiyadan uchralgan o‘rtoqlik o‘yinidagi mag‘lubiyat loyihaning hali xomligini ko‘rsatmoqda. Birinchi o‘yin — tartibli Marokashga qarshi. Undan keyin — Gaiti va Shotlandiya… Go‘yoki yutqazish imkonsizdek. Ammo futbolda «hech qachon» degan tushuncha yo‘q.
5. Argentina

O‘tgan jahon chempionatida Fransiya an’anani buzdi: amaldagi chempionlar guruh bosqichidayoq ishtirokini yakunlamadi. Ammo Argentina Italiya va Ispaniyaning qismatini takrorlaydimi? Dastlabki ikki o‘yin yaxshi shakllangan Jazoir va Avstriyaga qarshi. Messi o‘rtoqlik o‘yinida juda tetik ko‘rindi, jamoa saralashdan ishonchli o‘tdi. Lekin u 38 yoshda — yana jamoani o‘z ortidan ergashtira oladimi?
Aleksis Makallister toliqqan va formasida emas. Anxel Di Mariyaga o‘rinbosar yo‘q. Nikolas Otamendi 40 yoshdan oshgan bo‘lsa-da, hali ham chaqiruv olmoqda.
4. Norvegiya
Agar jamoa uchun ishtirok etishning o‘zi katta yutuq bo‘lsa, turnirdan chiqib ketishni «sharmandalik» deb atash mumkinmi? Bu o‘rinli savol. Erling Xoland tug‘ilmagan bir paytda — 1998-yilda Norvegiya oxirgi marta JChda o‘ynagan edi. Ammo biz norvegiyaliklarni ushbu ro‘yxatga kiritdik, chunki ular — «ofis ekspertlari»ning sevimli «qora tulpor»i. Turkiyaning Yevro-2020 dagi holati kabi, bunday jamoalar yoki hayratda qoldiradi, yoki butkul qulaydi. Saralashda ular 100% lik natija qayd etishdi, ammo final bosqichida ularni Iroq, so‘ngra Fransiya va Senegal kutmoqda. Hammasi birinchi o‘yindayoq hal bo‘lishi mumkin.
3. AQSH

Noyabr oyida Urugvay ustidan qozonilgan g‘alaba (5:1) Maurisio Pochettino uchun og‘ir startdan so‘ng biroz yengil nafas olish imkonini berdi. Ammo shubhalar hali ham saqlanib qolmoqda: Oltin kubok finalidagi mag‘lubiyat va KONKAKAF Millatlar ligasidagi muvaffaqiyatsizliklar shular jumlasidandir. AQSH terma jamoasi o‘zining eng kuchli tarkibi bilan Belgiyaga 2:5 hisobida yutqazib qo‘ydi. Mezbonlar hali JCh darajasiga chiqmagandek tuyulmoqda. Ularning guruhidan Paragvay, Avstriya va Turkiya o'rin olgan. Agar amerikaliklar o‘z uylaridagi mundialda guruhdan chiqolmasalar, bu butun dunyo diqqat markazidagi katta shov-shuvga aylanadi.
2. Xorvatiya
Fransiyadan tashqari ketma-ket ikki bor jahon chempionati yarim finaliga chiqqan yagona jamoa. Ularning «quyoshi botishi» haqida ko‘p gapirilmoqda va 2026-yil bu jarayonning nuqtasi bo‘lishi mumkin. Luka Modrich bilan birga to'p tepgan avvalgi barcha futbolchilar termadan allaqachon ketgan, yangilari esa hali o‘sha darajaga chiqqani yo‘q. Himoya yulduzi Yoshko Gvardiol esa jarohatidan tiklanishga ulgurishi kerak. Hozirda Angliya va Gana ulardan kuchliroq ko‘rinmoqda.
1. Shotlandiya

Xuddi Norvegiya kabi, Shotlandiya ham bu ro‘yxatda bo‘lishga loyiq emasdir balki. JChga chiqishning o‘zi ular uchun katta bayram. Ularning oxirgi mundiali 28 yil oldin bo‘lgan va hech qachon guruh bosqichidan o‘ta olishmagan. Ularning guruhi juda qiyin: Marokash va Braziliya. Yaponiyadan uchralgan mag‘lubiyatdan so‘ng imkoniyatlar yanada kamaydi. Ammo umid bor: birinchi o‘yin Gaiti bilan. Agarda yirik hisobda g‘alaba qozonilsa, tarixiy pley-offga yo‘llanma yaqin bo‘lishi mumkin. Lekin bu — Shotlandiya va bu — JCh.
Xulosa
Ishtirokchilarning 48 tagacha ko‘payishi xavflarni kamaytiradi, ammo ularni butkul yo‘q qilmaydi. Futbol baribir mantiq ko‘pincha tartibsizlikka taslim bo‘ladigan o‘yin bo‘lib qolaveradi. Savol faqat bitta — guruh bosqichi «qurboni» kim bo‘ladi?