JCh-2026. Kutilmagan natija: Ispaniya ilk turda Kabo-Verdeni yenga olmadi
AQShning Atlanta shahridagi "Mercedes-Benz Stadium" arenasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda kutilmagan natija — 0:0 hisobi qayd etildi.
2026-yilgi jahon chempionati "H" guruhi 1-turi doirasida turnirning bosh favoritlaridan biri hisoblangan Ispaniya milliy terma jamoasi Kabo-Verdega qarshi maydonga tushdi. AQShning Atlanta shahridagi "Mercedes-Benz Stadium" arenasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda kutilmagan natija — 0:0 hisobi qayd etildi.
Uchrashuv davomida "Qizil furiya" ulkan ustunlikka ega bo‘ldi va raqib darvozasi tomon jami 25 ta zarba yo‘lladi. Biroq ushbu zarbalarning faqatgina 7 tasi darvoza sohasiga aniq bordi. Kabo-Verde terma jamoasi esa o‘yin davomida 6 bor zarba berishga muvaffaq bo‘ldi (aniq zarbalar soni — 1 ta).
Shu tariqa, Ispaniya va Kabo-Verde terma jamoalari ilk turdan so‘ng bir xilda bir ochkodan jamg‘arishdi. Ushbu guruhning ikkinchi juftligida Urugvay va Saudiya Arabistoni terma jamoalari kuch sinashadi. Mazkur uchrashuv 16-iyun kuni Toshkent vaqti bilan soat 03:00 da start oladi.