JCH-2026: “G” va “H” guruhlarida intriga saqlanib qoldi
Misr mundiallar tarixida ilk g‘alabasini qo‘lga kiritgan holda guruh peshqadamiga aylandi.
2026-yilgi futbol bo‘yicha Jahon chempionatining “G” va “H” guruhlarida ikkinchi tur uchrashuvlari yakunlanib, pley-off yo‘llanmalari uchun kurash yanada qizg‘in tus oldi.
“G” guruhida Belgiya va Eron terma jamoalari o‘zaro bahs olib bordi. Teng kurashlar ostida kechgan uchrashuvda tomonlar darvozalarni ishg‘ol eta olmadi va bahs 0:0 hisobida yakunlandi. Belgiyalik himoyachi Natan Ngoy 67-daqiqada raqib hujumchisini birga-bir vaziyatda qoidabuzarlik bilan to‘xtatgani uchun maydondan chetlatildi.
Guruhning yana bir uchrashuvida Misr va Yangi Zelandiya terma jamoalari to‘qnash keldi. Bahsning 15-daqiqasida Finn Serman hisobni ochib, Yangi Zelandiyani oldinga olib chiqqan bo‘lsa, ikkinchi bo‘limda misrliklar o‘yin tashabbusini to‘liq o‘z qo‘liga oldi. Avval Mustafo Ziko 58-daqiqada hisobni tenglashtirdi. Oradan to‘qqiz daqiqa o‘tib, Muhammad Saloh jamoasini oldinga olib chiqdi. 82-daqiqada esa Mahmud Hassan uchrashuvga nuqta qo‘ydi.

Natijada Misr ikki turdan keyin 4 ochko bilan guruh peshqadamiga aylandi. Eron va Belgiya hisobida 2 tadan ochko bor. Yangi Zelandiya esa 1 ochko bilan so‘nggi o‘rinda qolmoqda.
Guruhning hal qiluvchi - uchinchi tur bahslari 26-iyun kuni bo‘lib o‘tadi. Unda Eron — Misr hamda Belgiya — Yangi Zelandiya uchrashuvlari tashkil etiladi.

“H” guruhida esa kutilmagan natijalar qayd etildi. Mayami shahridagi “Hard Rok” stadionida o‘tgan Urugvay — Kabo-Verde bahsi 2:2 hisobidagi durang bilan yakunlandi.
Uchrashuvda hisobni 21-daqiqada Kabo-Verde yarim himoyachisi Kevin Lenini ochdi. Birinchi bo‘lim oxirida Maksimiliano Arauxo hisobni tenglashtirgan bo‘lsa, hakam tomonidan qo‘shib berilgan vaqtning oltinchi daqiqasida Agustin Kanobbio Urugvayni oldinga olib chiqdi. Biroq, 61-daqiqada Elio Varela gol urib, jamoasiga muhim ochko keltirdi.
Guruhning ikkinchi bahsida Ispaniya Saudiya Arabistonini 4:0 hisobida mag‘lub etib, musobaqadagi ilk g‘alabasini qo‘lga kiritdi.
Ikki turdan keyin Ispaniya 4 ochko bilan guruh peshqadamlaridan biri bo‘lib turibdi. Urugvay va Kabo-Verde 2 tadan ochko bilan keyingi o‘rinlarni egallagan. Saudiya Arabistoni esa 1 ochko bilan so‘nggi pog‘onada bormoqda.
Guruh bosqichining hal qiluvchi turida Urugvay Ispaniyaga qarshi, Kabo-Verde esa Saudiya Arabistoniga qarshi maydonga tushadi.
Har ikki guruhda ham nimchorak final yo‘llanmalari taqdiri so‘nggi turda hal bo‘ladi.

Bugun mundial dasturidan o‘rin olgan bahslarni “J” guruhida Argentina va Avstriya terma jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv ochib beradi. Bellashuv Toshkent vaqti bilan soat 22:00 da start oladi.
Shuningdek, “I” guruhida Fransiya Iroq bilan bahs olib boradi, uchrashuv soat 02:00 da start oladi. Guruhning yana bir bahsida Norvegiya va Senegal terma jamoalari soat 05:00 da maydonga tushadi.
“J” guruhida esa Iordaniya va Jazoir terma jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv soat 08:00 da boshlanadi. Mazkur bahs ham keyingi bosqich yo‘llanmasi uchun muhim ahamiyat kasb etadi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA