JCH-2026: AQSh eronlik muxlislar uchun ajratilgan chiptalar kvotasini bekor qildi
AQShga borishni oldindan rejalashtirib, tegishli hujjatlarni rasmiylashtirgan ko‘plab muxlislar o‘z terma jamoasi ishtirokidagi uchrashuvlarni stadiondan kuzatish imkoniyatidan mahrum bo‘lishgan.
Jahon chempionati tashkiliy qo‘mitasi turnir startiga ikki kun qolganda Eron terma jamoasi muxlislari uchun mo‘ljallangan chiptalar kvotasini qaytarib oldi. Bu haqda Eron futbol federatsiyasining rasmiy bayonotiga tayanib "Reuters" axborot agentligi xabar bermoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, AQShga borishni oldindan rejalashtirib, tegishli hujjatlarni rasmiylashtirgan ko‘plab muxlislar o‘z terma jamoasi ishtirokidagi uchrashuvlarni stadiondan kuzatish imkoniyatidan mahrum bo‘lishgan.
"Ko‘plab eronlik futbol ishqibozlari rasmiy e’lon qilingan tartib-qoidalarga tayangan holda uchrashuvlarni tomosha qilish uchun barcha zarur tayyorgarliklarni ko‘rib qo‘ygan edilar. Shunday bo‘lsa-da, mana shunday qaror qabul qilindi", — deyiladi Eron futbol federatsiyasining bayonotida.
Eron milliy terma jamoasi JCH-2026 guruh bosqichi doirasidagi uchrashuvlarini AQSh hududida o‘tkazadi.