Jasorat unutilmagan, sadoqat qadrlangan yurt
Ikkinchi jahon urushida 67 mingdan ziyod xorazmlik qatnashgan. Ularning qariyb yarmi jangda halok boʻldi, minglab norgʻul yigitlar nogiron boʻlib qaytdi.
Ikkinchi jahon urushida 67 mingdan ziyod xorazmlik qatnashgan. Ularning qariyb yarmi jangda halok boʻldi, minglab norgʻul yigitlar nogiron boʻlib qaytdi.
Inson xotira bilan tirik, qadri bilan ulugʻdir. Yurtimizning tinchligi, sarhadlarimiz daxlsizligi, bugungi farovon kunlar bundan roppa-rosa 75 yil oldin ota-bobolarimizning fashizmga qarshi mardlarcha kurashi va jasorati mevasidir. Bu yil ushbu dahshatli urush manzaralari yakunlanganiga 75 yil toʻldi.
Oʻzbek xalqining gʻalabaga qoʻshgan ulkan hissasini keng miqyosda yoritish, janggohlarda tinchlik uchun mardonavor kurashgan jasoratli ota-bobolarimiz xotirasini abadiylashtirish, ularning nomini ulugʻlash maqsadida Prezidentimiz tashabbusi bilan poytaxtimizda bunyod etilgan Gʻalaba bogʻi chinakam ehtirom ifodasi boʻldi. Muhtasham bogʻ hududida “Shon-sharaf” muzeyi ham oʻrin olib, undagi tarixiy eksponatlar urush yillarining jonli tasvirini koʻz oldimizda gavdalantiradi.
Gʻalaba bogʻi chin maʼnoda xotira bogʻidir. Xotira insonning insonligini anglatuvchi, uni oʻtmish va istiqbol bilan bogʻlab turuvchi buyuk qadriyat, ilohiy qudrat ekanligi bilan ham yuksak ahamiyat kasb etadi. Xotiralash – xalq manfaati uchun kurashgan, el-yurt hurmatiga sazovor boʻlgan kishilarni eslashdir. U bu yorugʻ olamdan oʻtgan ajdodlarni eslashgina emas, asrlar mobaynida Vatan uchun kurashda halok boʻlganlar xotirasini hurmat qilish hamdir.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev bundan salkam bir yil oldin, yaʼni oʻtgan yilning 25-iyun sanasida Olmazor tumanida boʻlib, Gʻalaba bogʻi loyihasini yaratish jarayonida “Bu bogʻ xalqimizning Gʻalabaga qoʻshgan hissasini namoyon etishi, ota-bobolarimizning qahramonligini abadiylashtirishi kerak. Bu yerda Ikkinchi jahon urushi muhiti, vatandoshlarimiz qatnashgan janglar haqida maʼlumotlar aks etishi zarur”, deya taʼkidlagan edi. Oradan biroz vaqt oʻtib, ezgu saʼy-harakatlar, xayrli bunyodkorlik tashabbusi oʻzining amaliy ifodasini yuzaga chiqardi.
Oʻzbek ayolining matonati timsoli sifatida Zulfiya aya Zokirova, uning urushdan qaytmagan besh nafar farzandi hamda beva qolgan kelinlari xotirasiga bagʻishlangan “Matonat madhiyasi” yodgorlik majmuasi esa urush yillari mustahkam sabr-bardoshi, metin irodasi ibratga aylangan ushbu oilaga ehtirom ifodasiga aylandi. Mehr-oqibat, hurmat va eʼzoz tushunchalarini oʻzida aks ettirgan bu majmua asrlar davomida oʻzbek oilasining sabru qanoati, matonati timsoli sifatida alohida ahamiyat kasb etib turadi.
Gʻalabaning 75 yilligi munosabati bilan xalqimizga taqdim etilgan Gʻalaba bogʻi konsepsiyasi oʻzining maʼno-mazmuni, ekspozitsiyasi chuqur oʻylangan holda yuzaga keldi. Yurtboshimiz aytganlaridek, u faqat bayram kunlari emas, yil davomida ishlaydigan boʻladi. Bu yerga kelgan yoshlar oʻziga bilim, ruh olib, gʻurur-iftixor tuyadi, bugungi tinchlikning qadriga yetib, vatanparvar boʻlib ulgʻayadi, albatta.
Jasorat unutilmagan, sadoqat qadrlangan yurtda hamisha hamjihatlik hukm surishi, shubhasiz. Ayni qadriyat avlodlar qalbidagi ezgu tushunchalar tufayli mustahkamlanaveradi.
Rajabboy ROʻZMETOV,
Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik
partiyasi Xorazm viloyati Kengashi raisi,
Xalq deputatlari Xorazm viloyat Kengashi deputati