“Jasorat maktabi” navbatdagi o‘quvchilarini kuzatdi
Toshkent viloyatida profilaktik hisobda turgan yoshlar uchun 10 kunlik "Jasorat maktabi" o‘quv yig‘iniga yakuniga yetdi. Shu munosabat bilan yoshlar Angren umumqo‘shin tog‘ poligoniga olib borildi. Ular harbiy formalari va joy bilan ta’minlandi.
Toshkent viloyati hokimligi, viloyat Ichki ishlar bosh boshqarmasi, Toshkent harbiy okrugi qo‘mondonligi, Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Toshkent viloyati Kengashi bilan hamkorlikda tashkil mazkur o‘quv yig‘inlarini samarali o‘tkazish maqsadida, viloyatning 22 ta shahar va tumanlaridagi profilaktik hisobda turgan, muqim ish joyiga ega bo‘lmagan jami 100 nafar yoshlar ishtirokida o‘tkazilganligi ham yig‘inning dolzarbligini ko‘rsatmoqda.


Marosimda so‘z olganlar o‘quv yig‘ini ishtirokchilarini samimiy tabrikladi tabrikladi.
– O‘n kunlik "Jasorat maktabi" harbiy-o‘quv yig‘ini davomida harbiy-vatanparvarlik tarbiyasi va kasbga yo‘naltirish borasida o‘z sohasining malakali mutaxassislari va harbiy xizmatchilar tomonidan bilim va ko‘nikmalar berildi, – deydi yangiyo‘lik Samandar Umarov. – Shuningdek, 33 million kredit olib, tadbirkorlik qilishim uchun maxsus sertifikat ham topshirildi. Uyga borib chorvachilik bilan shug‘ullanmoqchiman.


– Katta o‘g‘lim ham harbiy xizmatga borib kelgan, – deydi olmaliqlik Guli Ahmedova. – Yigitlik burchini o‘tab qaytgach, oliy o‘quv yurtida o‘qishni davom ettirdi. Kenjatoyim Bahodir ham bolaligidan harbiy bo‘lishni niyat qilgan. Ushbu o‘quv yig‘inidan so‘ng bir yillik harbiy xizmatga bormoqchi. Bugun uni harbiy libosda ko‘rib rosa hayajonlandim, ko‘zimdagi yoshlar quvonchimdan.
Tadbirda qo‘l jangi bo‘yicha ko‘rgazmali chiqishlar, konsert dasturi namoyish etildi.
A.Musayev,O‘zA.