Jarrohlik uskunalari faqat qog‘ozda “xarid qilingan”
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan Jizzax viloyatida o‘tkazilgan o‘rganishda viloyat Ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi tomonidan tibbiyot uskunalari xarid qilishda qonunbuzilishga yo‘l qo‘yilgani aniqlandi.
Xususan, mazkur tibbiyot markazi 2021 yil 22 dekabrdagi shartnomaga asosan “E.M.S.” mas’uliyati cheklangan jamiyatidan 245,2 million so‘mga Germaniya davlatida ishlab chiqarilgan “Eskulap” modeldagi jarrohlik uskunalarini xarid qilishi belgilangan.
Tovar yetkazib beruvchi mas’uliyati cheklangan jamiyat tomonidan 2021 yil 28 dekabrdagi hisobvaraqqa ko‘ra, ushbu modeldagi jarrohlik uskunalari tibbiyot markaziga yetkazilgani hujjatda rasmiylashtirilgan.
Biroq, o‘rganishlar mobaynida shartnomada qayd etilgan jarrohlik uskunalari aslida mavjud emasligi, yangi tibbiy uskuna o‘rniga eski, ya’ni 1994 yilda Rossiyadagi “Voljskiy UTYOS”da ishlab chiqarilgan jarrohlik uskunalari olib kelingani hamda ular yaroqsiz holatda ekanligi aniqlandi.
Tibbiyot markazining mas’ul shifokor va xodimlari o‘z rahbariyatiga ushbu tibbiy uskunalar talabga javob bermasligi va boshqa holatlar to‘g‘risida 2022 yil 19 fevralda bildirishnoma bilan murojaat qilgan bo‘lishiga qaramay, rahbariyat tomonidan holat bo‘yicha hech qanday chora ko‘rilmagan.
Mazkur holatlar yuzasidan to‘plangan materiallar agentlik tomonidan qonuniy qaror qabul qilish uchun Bosh prokuraturaga yuborilgan.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi axborot xizmatidan ma’lum qilishlaricha, yuqorida qayd etilgan va qo‘shimcha boshqa holatlar yuzasidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilib, natijasi bo‘yicha prokuratura organlari tomonidan Jizzax viloyati ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va hozirgi kunda tergov harakatlari olib borilmoqda.
N.Abduraimova, O‘zA