Janubiy Koreya tajribasi o‘tganilmoqda
Koreya Respublikasining Seul shahar politsiya agentligi vakillari tomonidan Ichki ishlar vazirligi akademiyasida seminar-trening mashg‘ulotlari o‘tkazilmoqda.
Malaka oshirish kursiga ta’lim muassasasi o‘qituvchilari bilan birga, Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi xodimlari ham jalb qilingan. Mashg‘ulotlar yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash va kiberxavfsizlikka qarshi kurashish yo‘nalishida olib borilmoqda.

Seminar-trening oldidan delegatsiya a’zolari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda IIV Akademiyasi rahbari Rustam Xatamov va Seul shahar politsiya agentligi boshqarma boshlig‘i Lim Mansuk Artur o‘zaro fikr almashdi.

Muloqot jarayonida ichki ishlar organlariga axborot texnologiyalarini keng joriy qilish, innovatsion ta’limni rivojlantirish, kiberjinoyatlarning oldini olish, yo‘l harakati xavfsizligi tizimini raqamlashtirish kabi yo‘nalishlarda Janubiy Koreya tajribasining ilg‘or jihatlarini o‘rganish borasida takliflar bildirildi. Shu kunning o‘zida mehmonlar ta’lim muassasasi faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Ta’kidlash joizki, xorijlik mutaxassislar ishtirokidagi seminar-trening mashg‘ulotlari 28 aprelga qadar davom etadi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati