Janubiy Koreya Prezidenti Vashington va Pxenyan muloqotini qayta tiklashga chaqirdi
Janubiy Koreya Prezidenti Li Je Myon Vashington va Pxenyan o‘rtasidagi muzokarani qayta yo‘lga qo‘yish uchun zarur sharoit yaratish muhimligini ta’kidladi. Koreya yarim orolida tinchlikni ta’minlash bo‘yicha xorijiy maslahatchilar uchrashuvida so‘z yuritgan davlat rahbari mintaqadagi sulh tartibini hamkorlik hamda taraqqiyotga asoslangan barqaror tinchlik tizimiga aylantirish zarurligini bildirdi.
U ikki Koreya o‘z kuchi va imkoniyatini faqat o‘zaro qarama-qarshilikka sarflayotgan achinarli vaziyatni o‘zgartirish shartligini uqtirdi. Ma’lumki, 1950-1953-yillardagi urush tinchlik shartnomasi o‘rniga faqat sulh bitimi bilan yakunlangani sababli, ikki mamlakat rasman hanuz urush holatida qolmoqda.
Bundan tashqari, Li Je Myon mamlakat urush davridagi harbiy qo‘mondonlik nazoratini AQSHdan qaytarib olishi zarurligi, ushbu jarayonni 2030-yil yakunlanadigan vakolat muddati davomida amalga oshirishga va’da berganini eslatdi.
Pxenyan Seulni “dushman davlat” deya e’lon qilib, aloqa yo‘llarini yopgan bo‘lsa-da, Janubiy Koreya rahbari hokimiyatga kelgandan beri Shimol bilan muloqotni tiklash tashabbusini izchil ilgari surmoqda. O‘z navbatida Prezident Donald Tramp ham diplomatik aloqani jonlantirishga urinib, Shimoliy Koreya noroziligiga sabab bo‘ladigan qo‘shma harbiy mashg‘ulotni qisqartirish taklifini ilgari surdi. Shunga qaramay, KXDR Vashingtonga nisbatan salbiy qarashni saqlab qolmoqda. Seul razvedkasi ma’lumotiga ko‘ra, AQSH va KXDR muloqotini qayta boshlash alomati ko‘rinayotgan esa-da, hozircha aniq muloqot manbasi tasdiqlanmagan.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA